«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Samarqandlik soliqchi o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi yakunlanib, 2 nafar gumonlanuvchi qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizbek Ahmedov o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi yakunlandi. Gumonlanuvchi sifatida 2 nafar shaxs qamoqqa olingan.

Bu haqda “Daryo” so‘roviga javoban ma’lumot bergan Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov tergov xulosasi 2021-yilning 14-sentabr kuni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilganini ma’lum qildi.

“Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB xodimlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosarining o‘limi yuz berganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlandi. 14-sentabr kuni jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Jinoyat ishi doirasida ikki nafar shaxsga ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llangan”, — deydi Hayot Shamsutdinov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida YPX inspektorlari Davlat soliq inspeksiyasi xodimini o‘ldirib qo‘ygani, keyinchalik esa YPX xodimlarining mashinasida o‘lib qolgan kattaqo‘rg‘onlik soliqchi voqeasi bo‘yicha guvohlarning so‘zlari va qarindoshlarning talablari e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment