«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bir kunda 56 ta huquqbuzarlik aniqlandi

Buxoroda o‘tkazilgan bir kunlik «Xavfsiz hudud» keng qamrovli profilaktik tadbirda 56 ta turli huquqbuzarliklar aniqlandi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilning 9 sentyabr kuni soat 08:00 dan 10 sentyabr kuni soat 08:00ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida viloyat IIB PPX va JTSB Patrul-post xizmati batalyoni va Buxoro shahar IIO FMB hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda shahar mahallalari bo‘ylab «Xavfsiz hudud» keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari o‘tkazildi.

Natijada 56 ta turli huquqbuzarliklar aniqlandi. Maqsadsiz yurgan 346 nafar fuqarolar ichki ishlar organlariga olib kelingan holda ular bilan profilaktik ogohlantiruv suhbatlari o‘tkazildi.

Shuningdek, 59 ta korxona va tashkilotlarning qorovullik xizmatlari o‘rganildi. Qorovullarning xizmat faoliyati yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Mahallabay tizim asosida ichki ishlar organlarining profilaktik hisobda turgan 77 nafar shaxslar tekshirildi. Ular bilan ham huquqbuzarlik va jinoyat sodir etmasliklari yuzasidan profilaktik suhbatlar olib borildi.

Bu kabi profilaktik tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida olib borilmoqda. Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan tezkor shtab tomonidan kunlik nazorat olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA

Leave a comment