«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

«Rahmat»,» Uzr»,» Sog‘ bo‘ling!» aytilishi qiyin so‘zlarmi?

Odamlar orasida

Ishdan qaytayotib, marshrut taksiga o‘tirdim. Salon ichi yo‘lovchilar bilan to‘lgach, haydovchi mashinani o‘t oldirdi. Shu top yonimda o‘tirgan 30 yoshlar atrofidagi juvonning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Qo‘ng‘iroq egasi,dugonasi,shekilli, u  ovozini baland qo‘yib, xushchaqchaq ohangda salom-alik qilib ketdi. Hamrohim suhbatga, yo‘g‘-e g‘iybatga  berilib ketganidan atrofidagi odamlarni unutdi- qo‘ydi. Gap orasida ba’zan xoxolab kular, gohida nimadandir asabiylashib, qattiq-qattiq so‘zlardi. Ayolning ovozi hech kimga yoqmas, ayrimlar bir-ikki bor xo‘mrayib qarab qo‘ydi. Bir otaxon; “Hozirgi ayollarga birorta gap aytishga ham cho‘chiysan, to‘g‘ri tanbeh bersang, baloga qolasan” dedi o‘ziga-o‘zi gapirgandek. Buni qarang, yopiray, juvon otaxonning so‘zlarini eshitib, gap qaytarmadi-yu, ammo undan battarini qildi. Telefonining ovozini balandlatib, yanada qattiq ohangda so‘zlasha boshladi. Haydovchi oynadan bir-ikki bor mo‘ralab, ayolga norozi kayfiyatda qaragandi, unga javoban aftini burishtirdi. Bu yo‘lovchiga tanbeh berib, baraka topmasligiga aqli yetgan passajirlar indamay chidab ketaverishdi.

Nihoyat mendan oldingi bekatda ayol tushishga tayyorgarlik ko‘rib, telefonini qulog‘iga joylashtirib, bo‘sh qo‘llari bilan sumkalarini yig‘ishtira boshladi. “Dorixonaning bekatida to‘xtatib qo‘ying”, dedi va yana telefonini qulog‘iga tutdi. Haydovchi ayolning so‘zlarini eshitmadimi yoki atayin qildimi bekatdan 3-4 metr o‘tib, to‘xtashga chog‘landi. “To‘xtatib qo‘ying, dedim” ayol tomog‘i yirtilgudek bo‘lib qichqirdi. Marshrutkadan tushgach, eshikni chunonam qattiq yopdiki, salon ichi zarbdan zirillab, eshik singudek bo‘ldi. Ayol o‘z bekatida tushib qoldi. Sochiga kapalak gulli abadok taqqan,  past bo‘yli bu ayolning zaharga botgan siymosi hammaning ko‘z o‘ngida qotib qoldi.

Mustaqillik maydonidagi yo‘lak bo‘ylab tadbirga ketayotgandim. Ro‘paramdan bir ayol menga nigohlarini tikib kelayotganiga ko‘zim tushib, balki nimanidir so‘ramoqchidir, deya qadamimni sekinlatdim. “Mustaqillik metrosi qayerda?” Savol berdi ayol salom yo‘q, alik yo‘q. Yo‘lni ko‘rsatib yubordimu  xayolimdan kap-katta  ayol bo‘lsa ham, farosati yo‘q, ekan-da, degan fikr o‘tdi. Mening o‘rnimda siz bo‘lganingizda ham shunday xayolga borgan bo‘lardingiz.

Yana bir kun ishdan qaytayotib, bozor hududidagi chorrahaga yetganda marshrut o‘z-o‘zidan o‘chib qoldi. “Texnikani tushunib bo‘lmaydi. Ertalab sozlagandim, mana kechga borib yana ish ko‘rsatyapti, uzr, hozir bir ilojini toparmiz” dedi xijolat bo‘lgan haydovchi. Nari borsa, besh- o‘n daqiqagina chorrahada turib qoldik. Shu daqiqa ichida  passajirlar orasida piching qiladigan, haydovchining jig‘iga tegadiganlari ham topildi…

– “Pulimni qaytaring, taksida ketaman”, dedi barzangidek bir yigit haydovchiga udag‘aylab… “Bu mashinani metallomga topshirib yuboring, yo‘lda yurishga yaramaydi”, dedi telefon o‘ynab o‘tirgan  yigitlardan biri..“ Tezroq bo‘ling, bolam bog‘chada kutib qoldi”, nolidi yoshgina juvon. Shu payt yo‘l chetida turgan yigitlardan biri  kelib, “Aka, itarib yuboraylikmi?” dedi haydovchiga yuzlanib. Besh-olti nafar yigitlar marshrutkani surib, o‘t oldirishdi. Ayollarniku, tushunish mumkin, ammo salon ichida o‘tirgan erkaklarning birortasi o‘rnilaridan jilishmadi. Nihoyat mashina joyidan qo‘zg‘aldi. Beminnat yordamchilarning yordami bilan,  eson-omon uyga yetib oldik.

Kecha ishga kelayotib Qo‘yliq-Oloy bozori bo‘ylab qatnovchi marshrut taksiga o‘tirdim. Passajirlar bir-birlarini turtib, ur -yiqit  qilib, salon ichiga joylashib olishdi. Hech kim bir-biriga yo‘l beray demaydi. Axir, ertalabdan hamma ishga, o‘qishga shoshiladi, buni tushunaman. Oxirida 40 yoshlar atrofidagi bir ayol, shoshilmay chiqib, eshik oldidagi o‘rindiqqa joylashib oldi. Salon ichi 15 kishiga mo‘ljallangan ekan.  Ayol oxiri bo‘lib chiqqani uchun haydovchi  16 ta odamni olib ketolmayman, YRX xodimlari shtraf solishadi, tushib qoling, dedi. Ayol esa qaysarlik qilib tushmadi. Old o‘rindiqda o‘tirgan yoshlar bir-birlariga qarashdi. Shu payt orqa o‘rindiqda o‘tirgan bir yigit:  “Siz, o‘tiravering, men tushib keyingisida ketaman”, deya  marshrutkadan tushib qoldi. Ayol o‘z o‘rnini unga berib mardlik qilib tushib ketgan yigitga bir og‘iz «Rahmat, o‘g‘lim» degan so‘zni aytmadi. To‘g‘risi, shu topda men undan minnatdorchilik so‘zlarini kutgandim. Balki o‘sha yigit  darsga yoki biror yumush bilan zarur uchrashuvga ketayotgandir, birovga qilgan yaxshiligi tufayli kech qolib ishi bitmas… Nima bo‘lganda ham buyog‘i menga qorong‘uyu  bilganim kimgadir yaxshilik qilib, undan bir og‘iz minnatdorchilik so‘zlarini eshitgan odamning muammosi ham esdan chiqishi, ishi bitmaganiga afsuslanmasligi tayin.  Negadir biz bir-birimizdan kundalik hayotimizda aytish zarur bo‘lgan “Rahmat, uzr, sog‘ bo‘ling!”, degan so‘zlarni aytishga juda-juda qiynalamiz. Nega?

Xalqimiz kimdir tuzadi, kimdir buzadi, deb bejiz aytmagan. Kimningdir ko‘ngilxiraligini boshqa birovning shirin suxanligi yuvib ketadi. Ammo oramizda mehnatga tuhmat qiladigan, bir og‘iz so‘zini boshqalardan ayaydigan odamlar ham bor. Ayniqsa, biz ayollarga ta’rif berilganida millat tarbiyachilari degan ibora ishlatiladi. Bizning har bir bosgan qadamimiz, aytgan so‘zimizning o‘lchovi bor. Bu o‘lchovlarning taroziboni esa bolalarimizdir. Shunday ekan, farzandlarimiz oldida, ko‘cha-ko‘yda, hamkasblar,  jamiyat orasida, odamlar xotirasida hamisha yaxshi taassurot qoldirishga harakat qilaylik.

Nigora Rahmonova, O‘zA

Leave a comment