«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Paxta qabul qilish maskanlari mavsumga shay

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan “Baxt tekstil” MCHJ ga qarashli Qiziltepa paxta tozalash korxonasida paxta qabul qilish maskanlarining mavsumga shayligi yuzasidan o‘quv amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlar tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilishda laboratoriya tahlillarini shaffof o‘tkazilishi hamda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn o‘rtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qo‘llanilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilishi, paxta xom ashyosining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashda yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha namunalar qayta sinovdan o‘tkazilishi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Viloyatda “Baxt tekstil” MCHJ va “Navbahor tekstil” MCHJ paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari va ularga tegishli Qiziltepa, Xatirchi va Navbahor paxta tozalash korxonalari tizimida 16 ta paxta qabul qilish maskanlari mavjud.

Navoiy viloyatida joriy yil 32 ming 588 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, shundan 4 ming 313 gektarini urug‘lik maydoni tashkil etadi. 2021 yil paxta xosili uchun paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari va 849 ta fermer xo‘jaliklari o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan.

bugungi kunda inspeksiya xodimlari tomonidan paxta qabul qilish maskanlarini kapital ta’mirlanishi, paxta xom ashyosini tushiruvchi mexanizmlar, g‘aram maydonlari, suv saqlash hovuzlarining holati, 1-kategoriyali brizentlar bilan ta’minlanishi hamda elektr yoritgichlar va yong‘in xavfsizligi jihozlarining ishchi holatda ekanligi nazoratga olingan.

– Agroinspeksiya viloyat boshqarmasi nazorati ostida mavjud 16 ta paxta qabul qilish maskanlaridagi laboratoriya o‘lchov vositalari va avtomobil tarozilari ta’mirlandi va davlat qiyoslovidan o‘tkazilib, Metrologiya institutining Navoiy filiali qiyoslov sertifikati berildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Ulug‘bek Yusupov. – Shuningdek, 2021 yil paxta hosilini qabul qilish davrida asossiz chegirmalar qo‘llanilishining oldini olish maqsadida fermer xo‘jaliklari va klasterlar o‘rtasida paxta xom ashyosini laboratoriya tahlillarining shaffofligi bo‘yicha doimiy nazoratni olib boramiz.

Seminarda tizim mutaxassislari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA

Leave a comment