«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Ichki ishlar sohasida katta o‘zgarishlar bo‘ladi

Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining s’yezdida ishtirok etmoqda. Davlat rahbari ichki ishlar organlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratib o‘tdi.

— Bundan buyon, ichki ishlar organlari faoliyatini baholashda aholi muammolarini hal etish va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash natijadorligi asosiy mezon etib belgilanadi.

Ma’lumki, qayerda kamchiliklar ro‘y-rost aytilmas ekan, u joyda ijobiy o‘zgarish bo‘lmaydi. Shuning uchun, sohani ijtimoiy fikr asosida xolis baholash maqsadida, Ichki ishlar vazirligining barcha pog‘onalarida Jamoatchilik kengashlari tuziladi.

Ichki ishlar xodimlarining «Kasbiy madaniyat kodeksi»ni qabul qilish va joriy etish, ushbu tizimda o‘z xizmat burchiga nisbatan mas’uliyat hissini oshirishda muhim rol o‘ynaydi, deb hisoblayman.

Mamlakatimizda olib borilayotgan liberallashtirish siyosatining mantiqiy davomi sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 10 ga yaqin qilmishlar jinoyat toifasidan chiqariladi va jazoni yengillashtiradigan holatlar soni amaldagi 9 tadan 15 tagacha ko‘paytiriladi.

Gumon bilan ushlab turilgan shaxslarni hisobga olish bo‘yicha yagona elektron reyestr ishga tushiriladi.

Eng muhimi, reyestrga ma’lumotlarni kiritmaslik gumonlanuvchi shaxslarni ushlab turishni noqonuniy deb topishga asos bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Manba: xabar.uz

Leave a comment