«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

2022 yil 1 yanvardan bir qator ma’lumotlarni talab qilish bekor qilinadi

Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi va sifatini tubdan yaxshilash borasida qator sa’y-harakatlar faol amalga oshirilmoqda.

Aholiga qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat xizmatlari markazlari tomonidan qamrab olingan xizmatlarni ko‘rsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni o‘rtacha ikki barobarga qisqartirildi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida qator qaror va farmonlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyulda qabul qilingan “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi say’-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabrdan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi. Davlat xizmatlari markazlari, “Litsenziya” axborot tizimi hamda YAIDXP orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 50 foizi ularga 1 ish kunida qaytariladi. Ariza beruvchiga esa tegishli davlat xizmati to‘liq hajmda ko‘rsatiladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi. Bunda elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlari O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan beriladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 dekabrgacha kommunal tarmoqlardagi barcha raqamlar — gaz, elektr, issiq suv, ichimlik suvi, kanalizatsiya, chiqindi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga va yuridik shaxslarning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamiga bog‘lanishi ta’minlanadi hamda bu orqali har bir shaxsga “yagona mijoz” tamoyili asosida unikal raqamdan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatiladi.

Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi hamda O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan o‘tkazish uchun murojaatlar elektron shaklda qabul qilinadi.

Bundan tashqari, ushbu sanadan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari tomonidan aholi va tadbirkorlardan bir qator ma’lumotlarni talab qilish bekor qilinadi. Jumladan, tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlari, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risidagi, kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi, jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risidagi, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlari talab qilinmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur farmonda belgilangan vazifalar, chora-tadbirlar fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirib, ularga qulaylik yaratadi, ortiqcha ovoragarchiliklarning, byurokratik to‘siqlarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA

Leave a comment