«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Maktab ostonasiga ilk qadam: Prezident sovg‘alarini viloyat hokimi topshirdi

Buxoro viloyatidagi 536 ta umumta’lim maktablarida ham “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazildi.

Shahardagi 30-umumta’lim maktabida 2021-2022 o‘quv yili uchun birinchi qo‘ng‘iroq chalindi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan ta’lim tizimini isloh qilish, ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara bermoqda.

Shundan so‘ng birinchi qo‘ng‘iroq jarang sochdi.

Botir Zaripov 1-sinfga qabul qilingan 150 nafar o‘quvchilarga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alarini topshirdi. Ular bilan dildan suhbatlashdi. O‘quvchilarni a’lo baholarga o‘qishini aytib, ularga zafarlar tiladi.

Ta’lim maskanida o‘quvchi yoshlar va pedagogik jamoa uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Umumta’lim maktablari pedagoglar jamoasi bilan suhbatda esa maktab-oila-mahalla uchligi faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Umumta’lim maktablarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash maqsadida joriy yilda viloyatda 397 ta umumta’lim maktablari ta’mirlandi. Buning uchun 35,8 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shahardagi 30-umumta’lim maktabi ham joriy yilda Investitsiya dasturi asosida mukammal ta’mirlandi. “Vobkent stroy tex montaj qurilish” tashkiloti tomonidan olib borilgan bunyodkorlik ishlariga 5 milliard 300 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada maktab zamonaviy qiyofaga kirdi. Zarur o‘quv va texnik jihozlar bilan ta’minlandi.

Zarif Komilov, O‘zA

Leave a comment