«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Birinchi qo‘ng‘iroq chalindi

Yozgi ta’til ham o‘z nihoyasiga yetib, qadrdon maskan o‘quvchilarni o‘z bag‘riga chorladi.

Bugun erta tongdan o‘quvchilar lablarida tabassum, ko‘zlarida quvonch bilan maktab tomon odimlamoqda.

Maktab – o‘qituvchiyu o‘quvchini bir oilaga birlashtirgan bilimlar o‘chog‘i. Ta’til vaqtida sokinlik hukmronlik qilayotgan maktablar yana o‘quvchilarning shodon va baxtiyor shovqin-suroniga to‘ldi.

— Bugun erta tongdan maktab tomon oshiqar ekanmiz, qalbimizda o‘quvchilar kabi hayajon bor. O‘z farzandini uzoq vaqt ko‘rmagan ona kabi o‘quvchilarni sog‘indik. Yangi o‘quv yilining an’anaviy tarzda boshlangani ham bizni quvontirdi. Butun o‘quv yili bugungi kun kabi shodliklarga boy tarzda o‘tsin, — deydi Shayxontohur tumanidagi 19 –umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Aziza Rashidova.

Ma’lumki, 2020-2021 o‘quv yili maktablarda pandemiya munosabati bilan gibrid (aralash) ta’lim tarzida olib borildi. Yangi o‘quv yilini qanday tartibda boshlash, ota-onalarning xohish-istaklarini bilish maqsadida vazirlik tomonidan so‘rovnomalar o‘tkazilda. Unda 10 ming 12 ta maktab va 5 million nafardan ziyod yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. Ushbu so‘rov natijalarga ko‘ra, 94,6 foiz ishtirokchi an’anaviy darslarni tanlagan bo‘lsa, 5,4 foiz so‘rovnoma ishtirokchilari masofaviy ta’limni afzal sanagan. Shularni inobatga olgan holda, maktablarda yangi o‘quv yili to‘liq an’anaviy shaklda boshlanadi.

— Bugun qizim katta hayot yo‘liga qadam qo‘ymoqda. Ishonchli va bilimli o‘qituvchi tanlash ham murakkab jarayon ekan. Ko‘pchilikning maslahati bilan farzandimizga ilk o‘qituvchi tanladik. Maktabda yaxshi bilim olib, yurtimizga nafi tegadigan farzand bo‘lsin. Prezident sovg‘alarini ham qabul qilib oldik. Mamlakatimizda ta’lim olish yo‘lida yaratilgan shart-sharoitdan juda mamnunmiz, — deydi Xayriniso Akbarova.

An’anaga aylanib qolgan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari bugun har qachongidan o‘zgacha jarangladi. Sochlariga orzu-umidlari kabi oppoq tasma bog‘lab olgan qizaloqning qo‘lidagi qo‘ng‘iroq ovozi nafaqat atrofni, bali yuraklarni ham his-hayajonga solmoqda. O‘quvchilarga ishonch, g‘ayrat va shijoat baxsh etmoqda. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha maktablarida bo‘lib o‘tmoqda.

 Fayzullo Yahyoyev, O‘zA

Leave a comment