«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Mirishkorda kadastr binosi yangilandi

Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida kadastr xodimlari uchun Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tuman filiali qayta ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.

– Avvallari ta’mirlanmagan tor, oxori to‘kilgan xonalarda ishlashimizga ham to‘g‘ri kelgan, – deydi filialning murojaatlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi Iroda Elliyeva. – Bugun esa zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan toza va yorug‘ xonalarda ishlamoqdamiz. Bugun biz uchun yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz.

Filialda jami 9 ta xona, 1 ta majlislar zali va 1 ta arxiv ma’lumotlari saqlanadigan xonalar yangidan ta’mirlanib, zamonaviy mebellar bilan jihozlandi.

Aytish joizki, kadastr tashkiloti doim xalq bilan birga, xalq bilan ishlovchi tashkilotlardan biri bo‘lib kelgan. Shundan kelib chiqib, aholi vakillariga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish maqsadida filial zamonaviy ko‘rinishga keltirib jihozlandi.

Endilikda 20 dan ortiq kadastr xodimlari zamonaviy, barcha qulayliklarga ega filialda faoliyat olib boradi

Binoning tantanali ochilish marosimida boshqarma boshliqlari, nuroniy otaxonlar filialdagi shart-sharoitlar bilan tanishdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA

Leave a comment