«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qarshida ko‘lga cho‘milgani borgan tanishining ko‘ziga to‘pponchadan o‘q uzgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida ikki do‘st o‘rtasida yuzaga kelgan tortishuv oqibatida ulardan biriga jiddiy jarohat yetdi, deb xabar beradi viloyat IIB axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 10-avgust kuni soat 14:00 larda tumanning “Bunyodkor” mahallasida yashovchi I.B. ismli shaxs tanishi V.F. bilan Nishon tumani Nuriston shaharchasidagi ko‘lga cho‘milishga borgan. Cho‘milish davomida ikki do‘st o‘zaro tortishib qolgan va I.B. yonidagi pnevmatik to‘pponcha bilan suvga tushgan V.F.ning ko‘z sohasiga bir marotaba o‘q otgan.

Shundan so‘ng V.F. Qashqadaryo viloyati Ko‘z kasalliklari shifoxonasiga o‘z ehtiyotsizligi oqibatida jarohat olganini ma’lum qilib, tibbiy yordam so‘rab borgan, biroq holat bo‘yicha IIBga murojaat qilmagan.

Viloyat Ko‘z kasalliklari shifoxonasining yo‘llanmasi bilan Toshkent shahriga kelgan V.F.ni Respublika Ko‘z kasalliklari klinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan shifoxona ma’muriyati holat yuzasidan ichki ishlar organlariga xabar bergan.

Ushbu xabar yuzasidan to‘plangan hujjatlar Qarshi tumani IIBda qayd etilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Jizzaxda uka akasini, qaynuka kelinoyisini pichoqlab o‘ldirgani, Namanganda 34 yoshli mast erkak janjal oqibatida o‘z tengdoshini bir urishda o‘ldirib qo‘ygani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment