«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Koronavirusning barcha turlaridan himoya qiluvchi vosita topildi

AQShlik olimlar koronavirusning barcha shtammlariga qarshi kurasha oladigan antitanachani aniqladilar.

Sent-Luisdagi (AQSh) Vashington universiteti tibbiyot maktabi olimlari koronavirusning hozirda ma’lum bo‘lgan barcha mutatsiyalarini zararsizlantiradigan antitanachani topdilar. Tadqiqot universitet rasmiy saytida e’lon qilingan.

Tadqiqot mualliflari 43 ta namunani o‘rganishib, Petri idishidagi SARS-CoV-2 ning dastlabki varianti bilan zararlanishning oldini olish usullarini tahlil qilishdi. Keyin kemiruvchilarda to‘qqizta eng kuchli zararsizlantiruvchi zarralar sinovdan o‘tkazildi, shundan so‘ng eng samaralilari tanlab olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, SARS2-38 koronavirusning keng tarqalgan variantlari: «alfa», «beta», «gamma», «delta», «kappa», «yota», shuningdek, noyob mutatsiyalariga qarshi kurasha oladi. Olimlarning fikriga ko‘ra, SARS2-38 virusning o‘zgarmay qolayotgan oqsil qismiga birikadi. Aniqlangan antitanachaning o‘ziga xos xususiyatlari orasida past konsentratsiyalarda yuqori neytrallash qobiliyati, shuningdek, infeksiya qo‘zg‘atuvchilarining barcha variantlariga ta’siri bor.

Kelgusida yangi mutatsiyalar xavfi mavjud bo‘lganligi sababli, ham mustaqil ravishda, ham terapiya bilan birgalikda organizm immunitetini qo‘llab-quvvatlaydigan samarali neytrallashtiruvchi antitelalarga ehtiyoj bor, deya xulosa qilganlar tadqiqotchilar.

Manba: xabar.uz

Leave a comment