«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

So‘nggi 5 yilda maktabgacha ta’lim sohasida olib borilgan islohotlar va ularning natijalari

«Bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha bo‘lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi. Shu bois ham kelgusi yillarda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz – ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, bog‘cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta’lim yo‘nalishi bilan to‘liq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat…»[1]. Ushbu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi[2].

Maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar (Namangan, JizzaxToshkentSamarqand va Qashqadaryo viloyatlari misolida) samaradorligi tahlil qilinganda quyidagilar aniqladi:

— 3-6 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha eng samarali natijalarga Jizzax viloyatida (15 foizga o‘sish) erishildi;

— 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi bilan qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar tahlil qilinayotgan hududlar orasidan Samarqand viloyatida muvaffaqiyatliroq amalga oshirildi;

— nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmoqlarini rivojlantirish borasida Toshkent viloyatida eng muvaffaqiyatli natijalarga erishildi, ya’ni so‘nggi 5 yil davomida 167 ta yangi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etildi.

«O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi»ning qabul qilinishi sohadagi islohotlarni amalga oshirishda huquqiy asosni yaratdi. Maktabgacha ta’limni rivojlantirishda hududlar, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatning sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy kapitalni jalb etishni rag‘batlantirish[3] siyosati ham imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

Maktabgacha ta’limga talab ortmoqda

3-6 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish nafaqat yangi muassasalarni qurish va eskilarini ta’mirlash hisobiga (qo‘shimcha bola o‘rinlarini joriy etish) balki, ota-onalar orasida maktabgacha ta’limning ahamiyati haqida faol tushuntirish va tashviqot ishlari olib borish, kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hisobiga ham erishildi. Buning natijasida 2015 yilda yurtimizda maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘la foydalanilmay qolgan o‘rinlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa (jami respublika MTMlaridagi bola o‘rinlari 713060 dona bo‘lib, ularga qatnovchi bolalar soni 620769 nafar), 2020 yilga kelib maktabgacha ta’lim xizmatiga bo‘lgan talab soni mavjud o‘rinlar sonidan oshdi (mos ravishda jami 1155731 o‘ringa 1196421 nafar[4]).

Oilaviy MTM muhim omil sifatida

Oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari sonining oshishi respublikaning chekka hududlari hamda kam ta’minlangan oilalardagi bolalarni ham ta’limning ushbu bosqichiga jalb qilishini ta’minladi. Bu o‘z navbatida, viloyatlar, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi nomutanosiblik darajasini kamaytirishga salmoqli hissa qo‘shdi.

Beshta hududdan (Jizzax, SamarqandQashqadaryoNamangan va Toshkent viloyatlari) oilaviy MTMlarning 3-6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovini oshirishga qo‘shgan hissasi Jizzax viloyatida (15 %) eng ko‘proq bo‘lsa, eng kam ulush Toshkent viloyatida (4,3%) kuzatilgan. Ta’kidlash joizki, Toshkent viloyatida qamrov darajasi 5 yil avval ham o‘rtacha respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan.

2015 yilda Qashqadaryo viloyatida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, nafaqat tanlangan hududlar orasida, balki butun respublikada bo‘yicha eng past (9,9%) darajada edi. 2020 yilga kelib, Qashqadaryo viloyatida ushbu ko‘rsatkich – 3,4, Jizzaxda – 4, Namanganda – 3, Samarqandda – 3,1 va Toshkent viloyatlarida – 1,6 barobar oshdi. Respublikaning 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan jami bolalarning 43,9 foizi ushbu hududlarda yashaydi.

Mobil (ko‘chma) bog‘chalarni joriy qilish

Maqsadli parametrlarga erishish uchun maktabgacha ta’limning an’anaviy shakllarini rivojlantirish bilan bir qatorda, qisqa muddatli, mobil maktabgacha ta’lim guruhlari va boshqa shu kabi uning muqobil shakllarni keng rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra[5], yangi mobil “Aqlvoy” guruhlari 2021 yilning yanvar oyida faoliyat yurita boshlagan.

Ushbu guruhlar bolalarni maktabgacha ta’lim bilan eng kam qamrab olingan, bolalar bog‘chalari mavjud bo‘lmagan chekka hududlarda ochilishi hamda bolalarning ularga qatnashi tekin bo‘lishi yuritishi ko‘zda tutilgan. Mobil guruhlarning tarbiyachilari qo‘shimcha malaka oshirish kurslarida, jumladan, birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham o‘qitiladi.

Maktabga tayyorgarlik

Xorijiy olimlar tomonidan inson kapitaliga qilingan investisiyalarning kelajakda eng ko‘p naf keltiradigani shaxs shakllanishining dastlabki, ya’ni maktabgacha ta’lim bosqichida qilingan investisiyalar ekani isbotlagan.

Qayd etish joizki, ijtimoiy-iqtisodiy holati pastroq bo‘lgan oila farzandlariga maktabgacha ta’lim yoshida qilingan investisiyalar, o‘ziga to‘q oila farzandlariga qilingan investisiyalarga nisbatan ko‘proq foyda keltiradi. Sababi maktabgacha ta’lim bolaning nafaqat ijtimoiylashishiga ko‘maklashadi, balki shaxsning intellektual qobiliyatlarini rivojlantirishga asos yaratadi va maktabga tayyorlaydi. Aynan shu bois maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasida 6 yoshli bolalarni 2021-yil yakuniga kelib, maktabga tayyorlash tizimi bilan to‘liq qamrab olish maqsadli paramert qillib belgilangan.

2015 yildan 2020 yilgacha tahlil qilinayotgan hududlardan 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorgarlik tizimi bilan qamrab olish bo‘yicha Jizzax (qamrov 67%), Samarqand (61,4%) va Namangan (44,6%) viloyatlarida eng yaxshi natijalarga erishilgan. Qashqadaryo (22%) va Toshkent (15,9%) viloyatlarida bolalarning 78% va 84% maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olinmagan.

Dilfuza Vahabova, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi


[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi 29 dekabr 2020 yil

[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30 sentyabr 2017 yildagi №PF-5198 «Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni

[3] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 aprel 2018 yil №PQ-3651 «Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30 sentyabr 2018 yildagi №PQ-3955 «Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30 yanvar 2020 yildagi №PQ-4581 «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Qarori

[4][4] Oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalarining ko‘rsatkichlarini qo‘shmagan holda

[5] https://mdo.uz/ru/mdo-zapuskaet-mobilnye-doo-na-baze-avtobusov-v-novyh-lokacziyah/press-centr/ministry-news/

Manba: aniq.uz

Leave a comment