«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qashqadaryo IIB axborot xizmati rahbari OAV bilan yaxshi ishlamagani uchun vazirdan tanbeh oldi. Mas’ulning ishda qolish-qolmasligi ham so‘roq ostidaligi ma’lum bo‘ldi

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulovaga tanbeh bergan. Axborot xizmati rahbarining ishda qolish-qolmasligi ham so‘roq ostida qolmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovga tayanib, “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazir Po‘lat Bobojonovning bunday qarorga kelishiga chempion yigit o‘limi yuzasidan Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarning Iroda Rasulovaga nisbatan qilgan e’tirozi sabab bo‘lgan.

“Daryo” muxbirining ma’lumot berishicha, Qashqadaryo viloyati prokuraturasida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hamda Oliy sud raisi Kozim Komilov ishtirokidagi matbuot anjumanida jurnalist O‘ral Kamolov so‘z olib, viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova o‘z ishini uddalay olmayotganini, OAV vakillari tomonidan berilgan savollar ochiq qolayotganini aytib, vazirlik tomonidan matbuot kotibining xatti-harakatiga qanday izoh berilishi bilan qiziqqan.

Mazkur savolga javob bergan vazir Po‘lat Bobojonov “Qashqadaryo viloyati misolida aytayotgan bo‘lsangiz, kecha ham men bu haqida ma’lumot oldim, ya’ni viloyat IIB matbuot kotibi jurnalistning savoliga javob bermagani va vaziyatni ochiq qoldirgani haqida xabar topdim. Lekin men buni ochiq qoldirmayman, bu haqda topshiriq beraman o‘rganib chiqib, qaror qabul qilamiz”, — degandi.

“Daryo” muxbiri Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati Shohrux G‘iyosov bilan bog‘lanib, vazir Po‘lat Bobojonovning shu javobidan so‘ng nimalar o‘zgarganiga qiziqdi.

“Vazir OAV vakillarining e’tirozlarini inobatga olib, Iroda Rasulovaga jamoatchilik bilan aloqalarni susaytirib yuborganligi, bu holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, va umuman, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash va tezkorlikni oshirish zarurligini ta’kidlab, mas’ulga qattiq tanbeh e’lon qildi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun qisqa muddat berib, uning faoliyati to‘qqiz oy yakuni bo‘yicha tanqidiy baholanishini va natijasi bo‘yicha lavozimida qolish-qolmaslik masalasi ham ko‘rib chiqilishini bildirdi”, — deydi Shohrux G‘iyosov “Daryo” muxbiri savoliga javob berar ekan.

Shohrux G‘iyosovning ma’lumot berishicha, ichki ishlar vaziri har uch oyda hududiy boshqarmalarning axborot xizmati rahbarlari faoliyatini shaxsan o‘rganib, xulosa qiladi.

“Har bir viloyat axborot xizmatlari uchun reyting tizimi ishlab chiqilgan. Tahliliy bo‘lim kamchiliklarni ko‘rsatib, sharh tayyorlaydi va bu haqda vazirga axborot beriladi. Natijasi bo‘yicha kimdir rag‘batlantiriladi, kimgadir kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muddat beriladi yoki intizomiy jazo beriladi”, — deydi Shohrux G‘iyosov.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova chempion yigit o‘limi bilan bog‘liq surishtiruv olib borgan “Daryo” muxbirining “voqea guvohlari 102 ga xabar berilganidan so‘ng ham, IIB xodimlari voqea joyiga 40-45 daqiqada yetib kelganini aytishmoqda, aslida, IIB xodimlari chaqiruvdan so‘ng qancha vaqtda voqea joyida bo‘lishgan?”, degan savoliga “vaziyatni aniqlashtirib, sizga aniq ma’lumot taqdim etaman” deyishiga qaramasdan, savolni ochiq qoldirgan. Mazkur vaziyatni kuzatganini aytgan vazir Po‘lat Bobojonov esa “Daryo”da ko‘tarilgan savolga shaxsan o‘zi javob berib, 102 ga qilingan qo‘ng‘iroqdan so‘ng IIB xodimlari voqea joyiga 21 daqiqada borganini bildirgandi.

Leave a comment