«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qashqadaryo hokimi tanqid qilgan viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i ishdan olindi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev Madaniyat vazirligining hududiy boshqarmasi boshlig‘i Salim Sayimovni ishdan oldi. Bu haqda xabar bergan “Daryo” muxbiriga ko‘ra, Salim Sayimov o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan.

Isoq To‘rayev.

Foto: Telegram

Qayd etilishicha, Zoir Mirzayev bu haqda bugun, 23-avgust kuni bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida ma’lum qilib, boshqarmaga yangi rahbar — Isoq To‘rayevni rahbar etib tayinlaganini ma’lum qilgan.

Isoq To‘rayev ko‘pchilikka manzur bo‘lgan “Baron” filmida rol ijro etib, tomoshabinlarga tanilgan.

“Boshqarma boshlig‘ini bir necha marotaba ogohlantirgandim, kamchiliklarini qayta-qayta eslatdim. Ammo xulosa qilmadi. To‘qsoninchi yillarda Qarshi shahri madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan. Konsert dasturlari va ijodiy kechalar o‘tkazishda Qarshining, Qashqadaryoning o‘z tajribasi bor. Qani o‘sha mas’uliyat? Nega bor imkoniyatdan foydalana olmaymiz”, — degan viloyat rahbari hududiy boshqarma boshlig‘i Salim Sayimovning mas’uliyatsizligi haqida gapirar ekan.

Zoir Mirzayev madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham bu borada bir necha marotaba gaplashganini, vazir viloyat madaniyat boshqarmasiga berilgan imkoniyat, shart-sharoit boshqa viloyatlarda yo‘qligini e’tirof etgan.

“Daryo” muxbirining qo‘shimcha qilishicha, viloyat hokimi mazkur yig‘ilishda o‘rinbosarlari — Rustam Yo‘ldoshev hamda Dolli Allayevga viloyatda mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va xalqqa manzur bo‘ladigan konsert dasturlarini tashkil etish mas’uliyatini yuklagan.

Leave a comment