«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qashqadaryoda yana bir mushtlashuv sodir bo‘ldi. Bu safar zo‘ravonlar kafeda «kuchini ko‘rsatdi»

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda sodir bo‘lgani aytilgan yana bir video tarqaldi. Unda uch nafar yigit ikki nafar yigitni ayovsiz kaltaklagani tasvirlangan. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 14 avgust kuni Qarshi tumani IIB navbatchilik qismiga tuman markazidagi savdo markazlaridan birida janjal sodir bo‘lgani haqida xabar tushgan. Holat Qarshi tumani IIB navbatchilik qismida qayd etilgan va hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilgan.

Qayd etilishicha, soat taxminan 22:00 larda Qarshi tumanida yashovchi O.Q. va sherigi X.Yo. bilan savdo markazida birga o‘tirib ovqatlangan va spirtli ichimlik iste’mol qilgan. So‘ng u yerdan soat taxminan 00:00 larda tashqariga chiqqan va savdo markazi oldida o‘tirgan fuqarolar A.F., R.R. va I.J. bilan o‘zaro tortishib qolgan. O.Q. janjalda I.J.ning yuz qismiga urgach o‘rtada janjal yuzaga kelib, janjalga X.Yo. ham qo‘shilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Qarshi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqarolar O.Q va X.Yo.ga nisbatan jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Manba: kun.uz

Leave a comment