«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Tolibon” AQShdan 11-sentabrgacha Afg‘onistondagi harbiylarini to‘liq olib chiqishni talab qildi va ungacha amerikaliklarga hujum qilmaslikka va’da berdi

“Tolibon” AQShdan Afg‘onistondagi harbiy kontingentini olib chiqishni 11-sentabrga qadar yakunlashni talab qildi. Bu haqda harakat vakilining Sky News telekanalidagi intervyusiga tayanib, Meduza xabar berdi.

“Tolibon” vakilining so‘zlariga ko‘ra, harakat avvalgi kelishuvlarni bajarish niyatida va o‘sha kungacha AQSh harbiylariga hujum qilishdan tiyiladi.

“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olishidan avval ham Amerika qo‘shinlarini olib chiqish muddati 11-sentabr etib belgilangan edi.

Hozirda Afg‘onistonda 6000 nafar amerikalik askar bor. Ular Kobul aeroporti hududini nazorat qilib, AQSh va boshqa mamlakatlarning fuqarolarini evakuatsiya qilishni ta’minlamoqda. AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, yaqin davrda Pentagonning diqqati Kobul aeroportidagi vaziyatga qaratilgan bo‘ladi.

“Bizning maqsadimiz aeroportdagi vaziyatga e’tibor qaratib, uning ishlashini davom ettirishni ta’minlash, shuningdek, u yerda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash”, — dedi Kirbi.

“Biz yaqin bir-ikki hafta Afg‘onistonda qolishni rejalashtirmoqdamiz. Gap nafaqat amerikaliklarni evakuatsiya qilish haqida, balki o‘tgan 20 yil davomida bizga yordam bergan afg‘onlar oldidagi axloqiy majburiyat haqida bormoqda, biz iloji boricha bu odamlarning ko‘pchiligini olib chiqishimiz kerak”, — dedi u.

15-avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonning butun hududini o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. Hozir Kobul aeroporti Afg‘onistonni tark etish mumkin bo‘lgan yagona joy, aeroport AQSh harbiylari nazorati ostida. Minglab odamlar uchib ketishni xohlaydi, 16-avgust kuni ertalab ular reyslardan birortasiga o‘tirish uchun uchish maydoniga bostirib kirgan va yerda turgan samolyotlarga osilib chiqishga harakat qilgan. Hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan.

AQSh harbiy-havo kuchlariga tegishli C-17 Globemaster III harbiy transport samolyoti Kobuldan 640 qochqinni bitta reysda evakuatsiya qilgan. Dastlab shuncha odamni bortga olib chiqish rejalashtirilmagan edi, biroq afg‘on guruhlari samolyotga o‘zlari chiqib olgan.

Germaniya, Niderlandiya va Chexiya samolyotlari uchish-qo‘nish yo‘lagidagi olomon tufayli Kobul aeroportiga qo‘na olmadi. AQSh aeroportda tartibni tiklab, uchish-qo‘nish yo‘lagini odamlardan tozalash uchun Kobuldan evakuatsiya reyslarini vaqtincha to‘xtatdi.

Shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat tufayli aviakompaniyalar mamlakat havo hududini chetlab uchishni boshlagan, xususan Uzbekistan Airways ham Afg‘oniston hududini aylanib o‘tishni boshladi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment