«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Surxondaryoda urib tushirilgan afg‘on samolyotining ikki uchuvchisi Termizdagi jonlantirish bo‘limida davolanyapti

15-avgust kuni kechqurun Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida Afg‘oniston farqlash belgilari bo‘lgan samolyot qulab tushgani haqida xabar berilgan edi. “RIA Novosti”ning yozishicha, ushbu samolyot uchuvchilari Termizdagi shifoxonada davolanmoqda.

“O‘zbekiston janubidagi Surxondaryo viloyatida urib tushirilgan afg‘on harbiy havo kuchlari qarashli samolyotning ikki uchuvchisi hamon Termizdagi jonlantirish bo‘limida qolmoqda, ularning ahvoli og‘ir”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ikkala uchuvchiga ham orqa miya siqilishi tashxisi qo‘yilgan.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi vakili “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Sherobodga Afg‘oniston samolyoti qulaganini qisman tasdiqlagandi. “Ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q, ammo samolyot bor deyishdi”, — deydi boshqarma vakili.

Keyinroq Bosh prokuratura Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta harbiy vertolyoti 14—15-avgust kunlari O‘zbekiston havo hududi chegarasidan noqonuniy o‘tganini ma’lum qildi. Idoraning ta’kidlashicha, barcha uchoqlar Termiz xalqaro aeroportiga majburiy qo‘ndirilgan, ularning bortida jami 585 nafar afg‘onistonlik qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan.

15-avgust kuni Afg‘onistonning uchta Embraer-314 harbiy samolyoti Qashqadaryodagi “Xonobod” aerodromiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan, biroq ularga Termiz aeroportiga qo‘nish haqida ogohlantirish berilgan hamda O‘zbekistonning ikkita MiG-29 qiruvchi samolyoti tomonidan kuzatuvga olingan.

“Lekin kuzatuv davomida Embraer-314 va MiG-29 samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushgan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida. Bosh prokuratura axborotida uchuvchilar ahvoli haqida ma’lumot berilmagan. Oradan ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura o‘zi tarqatgan mazkur rasmiy axborotga raddiya berib chiqdi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment