«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Afg‘oniston vitse-prezidenti o‘zini amaldagi davlat rahbari deb e’lon qildi va “Tolibon”ga qarshi kurashishga chaqirdi

Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih o‘zini qonuniy davlat rahbari deb e’lon qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Solih Twitter’da yozishicha, Afg‘oniston Konstitutsiyasiga muvofiq, prezident bo‘lmagan holatda davlat rahbari vazifasini bajarish vitse-prezident zimmasiga o‘tadi.

Solihning ta’kidlashicha, hozir u mamlakat hududida bo‘lib, dunyo yetakchilaridan ko‘mak olish uchun ular bilan aloqalar o‘rnatmoqda.

Shuningdek, Solih afg‘onistonliklarni “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatishga qo‘shilishga chaqirdi. “Biz Afg‘oniston Vyetnam emasligini, ‘Tolibon’ esa hatto zarracha Vyetkong armiyasi emasligini isbotlashimiz kerak”, — dedi siyosatchi.

Vyetkong — Vyetnamdan Amerika qo‘shinlari olib ketilganidan keyin uning janubiy qismini o‘z nazorati ostiga olgan partizanlar.

Ma’lum qilinishicha, Amrulla Solih kuchlari Kobuldan shimolda joylashgan Parvon viloyati markazi Chorikor shahrida tumanlardan birini “Tolibon”dan olib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda “RIA Novosti”ga Kobuldagi harbiy manbasi ma’lum qilgan. Uning aytishicha, ayni paytda Panjsher viloyatida janglar ketmoqda.

Agentlik manbasiga ko‘ra, Panjsher hududiga Afg‘oniston armiyasining general Abdulrashid Do‘stum rahbarligidagi o‘n ming harbiy xizmatchisi yo‘l olgan.

Ikki kun avval Solih o‘z Twitter’ida yozib, “Tolibon” jangarilariga hech qanday vaziyatda taslim bo‘lmaslikka va Ahmad Shoh Ma’sud (“Tolibon” bilan jang qilgan Shimoliy alyans rahbari, 2001-yil sentabrda o‘ldirilgan) xotirasiga xiyonat qilmaslikka va’da bergandi.

“Tolibon” 15-avgust kuni Kobulni jangsiz egallab oldi, shundan keyin hukumat vakillari shaharni tark etdi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi, keyinroq uning o‘zi buni “qirg‘inning oldini olish” istagi bilan izohladi. U hozir qayerda ekani noma’lum. G‘ani Tojikiston, O‘zbekiston yoki Ummonga uchib ketgani haqida turli xabarlar tarqalgandi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment