«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Issiqxona – pandemiya davrida barqaror daromad manbai

Buxoro viloyati Buxoro tumanida yashovchi Xushvaqt Husinovaning besh nafar farzandi bor. Qishloq joylarda daromad manbalari uncha ko‘p emas, bundan tashqari pandemiya boshlanishi bilan karantin cheklovlari joriy etildi.

Xushvaqtning avval Rossiyaga ishlagani borib keladigan turmush o‘rtog‘i Sanjar Rahimov bu safar u yoqqa bora olmagani bois oila qiyin ahvolga tushib qoldi. Xushvaqtning o‘zi bir vaqtlar to‘qimachilik fabrikasida ishlagan, ammo keyin ko‘p yillar uy bekasi bo‘lgan – besh nafar bola va uy ishlari uning hamma vaqtini oladi. Mahalladagi bolalarga «ustoz-shogird» asosida hunar o‘rgatishga kirishib endi mavsumiy ish boshlagan turmush o‘rtog‘ining beqaror daromadi esa turmush ehtiyojlarni qoplay olmaydi.

Shunday qilib oila «temir daftar»ga – karantin davrida ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatiga tushib qoldi. Keyin esa FAO/GEFning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» loyihasining benefitsiariga aylandi. Mazkur loyiha doirasida Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarining qishloq aholisiga 34 ta issiqxona beminnat yordam sifatida berildi. Ushbu yordam COVID -19 pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan global inqirozga ijtimoiy-iqtisodiy javobning bir qismi bo‘ldi.

– Uyimizga odamlar yil bo‘yi biz uchun daromad manbai bo‘lib xizmat qiladigan issiqxona qurish uchun kelganida hammamiz juda xursand bo‘ldik, — deb hissiyotlari bilan o‘rtoqlashadi Xushvaqt. – Men o‘zim ilgari issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanmaganman, lekin shunday bo‘lsa ham inshootning ancha sifatli, ishonchli mexanizm va mustahkam materiallardan tayyorlanganini payqadim. Ular sovuqni yaxshi ushlab qoladi, yog‘ingarchilik, namlik va harorat o‘zgarishlariga chidamli deyishdi. Endi buyog‘i bizga faqat yangi issiqxonadan iloji boricha ko‘proq foyda olish qoldi.

Mehnatkash insonlar – Xushvaqt va uning turmush o‘rtog‘i g‘ayrat bilan ishni boshlab yuborishdi. FAO ekspertlarining tavsiyalariga ko‘ra, ular birinchi bo‘lib ismaloq, kashnich, ukrop kabi ko‘katlarni ekishdi. Issiqxona sohasida yangi bo‘lgani uchun tajribali qo‘shnilar, tanishlarga murojaat qilishdi, amaliyotda o‘rganishdi. Tez orada birinchi hosil olindi va uni bozorda sotishdi. Avvaliga bu kam bo‘lsa-da xo‘jalik uchun sezilarli yordam bo‘ldi, keyinchalik ishlar rivojlanib ketdi. Bodring, pomidor, ko‘kpiyozdan iborat ikkinchi ekinlar ekildi. Sotuvdan tushadigan daromad orta boshladi.

–Issiqxonadan keladigan daromad bizga ko‘pgina muammolarni hal qilish imkonini berdi. Kelajakka ishonch paydo bo‘ldi. Qizlarimga ham o‘qishni davom ettirishlari uchun mablag‘ zarur. Katta qizim hozir institutga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda, yaqinda kirish imtihonlarini topshirdi. Shifokor bo‘lishni orzu qiladi, – deydi Xushvaqt.

Qo‘shni qishloqda FAO/GEF loyihasi hisobidan taqdim etilgan yana bir issiqxonada navbatdagi hosil pishib yetilmoqda. Uning sohibi Feruza Ergasheva, qilingan ishlar haqida hayajon bilan gapirib beradi.

– Birinchi hosilni mart oyi o‘rtalarida olganmiz. Issiqxonada yetishtirilgan ko‘katlarni sotib, 5 million so‘mga yaqin daromad qildik. Bu xo‘jaligimiz uchun ancha yordam bo‘ldi. Sentyabr oyida biz ko‘proq ko‘kat va bulg‘or qalampiri yetishtirishni rejalashtiryapmiz. Eng asosiysi, biz uchun barqaror daromad manbai paydo bo‘ldi. Yerimizning har qarichi bebaho, shuning uchun har kim o‘z farovonligi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishi kerak, – deydi qorong‘i kunlari ortda qolgan Feruza.

Axir qiyinchiliklar juda ko‘p edi. Turmush o‘rtog‘i birinchi darajali nogiron. Ilgari paxtani qayta ishlash zavodida ishlab yurgan vaqtida u hamma ishlarini tashlab bor vaqtini turmush o‘rtog‘ini parvarishlashga bag‘ishladi. Uch o‘g‘ildan ikkitasi xorijda, kenjasi esa Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filialida tahsil olmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, xo‘jalikka qaraydigan boshqa odam yo‘q. Ustiga ustak, koronavirus pandemiyasi tufayli cheklovlar paydo bo‘ldi. Shu bois, ularning oilasiga issiqxona berilishi haqidagi xabar katta quvonch bilan qabul qilindi. Endilikda, issiqxona xo‘jaligi ishlarini puxta o‘rganib, zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan Feruza o‘z issiqxonasidan yanada ko‘proq daromad olishni va yil bo‘yi dasturxonga yangi sabzavot yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Qiyinchiliklar ruhan kuchli bu ayolni sindira olmadi, balki unga mashaqqatlarni yengish uchun kuch ato etdi. Uning ko‘zlari kelajakka ishonch bilan to‘la, mehnatsevarligi esa barcha belgilangan rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga hech qanday shubha qoldirmaydi.

Umuman issiqxona sohasini rivojlantirish, sabzavot mahsulotlari turlarini ko‘paytirish mamlakatimiz aholisining mavsumdan tashqari davrda yuqori sifatli mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, mahalliy qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda. Ko‘pchilik uchun esa, sharoit tufayli issiqxonalar pul topishning eng maqbul yechimiga aylandi. FAO va hamkor tashkilotlar, hech qanday qiyinchilik va qiyin hayotiy vaziyatlar, qishloq aholisining farovonligi va mo‘l-ko‘lchiligiga to‘sqinlik qilmasligini ta’minlash imkonini beradi.

 

Go‘zal Fayziyeva

Leave a comment