«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Muxbirimiz Afg‘oniston chegarasidan xabar qiladi. To‘ra Bobolov: «Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q»

Bugun, Rossiya Federatsiyasidan xizmat safaridan qaytib kelgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Termiz shahrining qo‘shni Afg‘oniston davlati bilan chegaradosh «Pattakesar»,» Nurli kelajak» hamda «A.Jomiy» mahallalarida bo‘lib, oqsoqollar va mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi.

Uchrashuvda viloyat rahbari qo‘shni davlatda yuzaga kelgan harbiy-siyosiy vaziyat haqida atroflicha ma’lumot berib, mamlakatimizning Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilayotgani, Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, quruqlik va suvda sarhadlarimizni qo‘riqlash uchun barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgani haqida fikr almashdi.

-Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. «Termiz-Hayraton» ko‘prigi hududida vaziyat barqaror, — dedi T. Bobolov.- Ko‘prikning Afg‘oniston qismida to‘plangan Afg‘oniston fuqarolarining asosiy qismi ko‘prikni va unga tutash hududni mustaqil ravishda tark etdi. Bunga faol siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlar, shuningdek, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida erishildi.

Uchrashuvlar yakunida viloyat hokimi chegara hududlarda yashayotgan aholining turmush tarzi bilan tanishib, ularning taklif va tavsiyalarini tingladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA

Leave a comment