«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

AQSH harbiylari Qobul aeroportida otishma uyushtirdi (video)

Guvohlar AQSH harbiylari Qobul aeroportida otishma uyushtirgani aks etgan videolavhani e’lon qildi. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.

Kadrlarda olomon ogohlantiruvchi o‘t ochgan askarlardan qochib, uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ylab yugurib ketayotganini ko‘rish mumkin. Nashr manbasiga ko‘ra, hodisa oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan.

“Al-Jazeera” telekanali Afg‘oniston poytaxtidagi yagona aeroportda katta tartibsizlik hukm surayotgani haqida xabar bermoqda. Qayd etilishicha, bir tomonda diplomatlarni olib ketgani kelgan vertolyotlar, ikkinchi tomonda jonini saqlab qolish uchun aeroportga kelgan va har qanday havo transportiga osilayotgan olomonni ko‘rish mumkin.

Rossiyaning 1TV telekanalaning xabar berishicha, kecha, 15 avgust kuni tunda Afg‘oniston poytaxti Qobulda bir nechta portlashlar yuz bergan.

Qayd etish kerakki, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Kecha, 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Ular esa bir vaqtlar mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tuzmoqchi. Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.

Uning hozir qayerda ekani ma’lum emas. Bu borada turli tomondan har xil xabarlar kelmoqda. Shu vaqtga qadar sobiq Prezident G‘anining Tojikiston, Omon va O‘zbekistonda bo‘lib turgani haqida axborot paydo bo‘ldi. Biroq, yakunda ularning hech biri o‘z tasdig‘ini topmadi. Katta ehtimol bilan u AQSHdan boshpana olmoqchi.

Farruxjon Murodqulov

Leave a comment