«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Toshkentdagi bog‘chada 25 nafar bola zaharlandi. Bir nafari o‘lim bilan kurashmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 150 nafar bola ovqatdan zaxarlanibdi, 1 nafar vafot etibdi” deyilgan asoslanmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Maktabgacha ta’lim vazirligi bu haqda ma’lumot berdi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchilarining kasallanish holatini o‘rganib chiqdi.

2 avgustdan 11 avgustgacha intoksikasiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joyalashtirildi.

12 avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga ulangan bo‘lib, holati o‘ta og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilarning holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.

Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan. Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra «Botulizm» tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib qo‘yiladi. Davolanish davomida 21 nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Malumot uchun: Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 5 guruhga mo‘ljallangan. Maktabgacha ta’lim tashkilotida 136 nafar tarbiyalanuvchilar ro‘yxatga olingan bo‘lib, maktabgacha ta’lim tashkilotida markazlashtirilgan suv ta’minoti va kanalizasiya tizimi, alohida mahalliy isitish tizimi, tabiiy gaz o‘rnatilgan.

Kasallikka chalinmagan mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari har kuni tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib nazoratga olinmoqda.

Leave a comment