«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva hayfsan oldi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga rahbarlik qilib kelayotgan, viloyatdagi yagona ayol hokim — Maqsuda Mustafoyeva jazolandi. Bu haqdagi hujjatni “Daryo”ga taqdim qilgan Zoir Mirzayevning matbuot kotibi Аhror Sodiqov hokim Mustafoyeva uchta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganini oshkor qildi.

Ta’kidlanishicha, tuman hokimining jazolanishiga 2021-yilning 23-iyulida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi tanqidiy fikrlar va xulosalar sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 2021-yilning 23-iyul kuni viloyatda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning ijrosi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar muhokama qilingan. Va mazkur yig‘inda Maqsuda Mustafoyevaning uchta xatosi — Prezident qabulxonasi va Virtual qabulxonalarga Qarshi tumani aholisidan kelib tushgan murojaatlar 2020-yilning mos davriga nisbatan 67 foizga ko‘payganligi; 18 ta saylov uchastkasi mutlaqo talabga javob bermayotganligi; hokim va sektor rahbarlari joyiga chiqib, og‘ir hududdagi uchastkalar bilan qiziqmagani, u yerga umuman bormagani, ishlarni tashkil etishda befarq bo‘lganligi sanab o‘tilgan. Yig‘ilishdagi mazkur xulosalar sabab Zoir Mirzayev 2021-yil 12-avgust kuni qaror qabul qilib, Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyevaga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasining 1-qismiga asosan hayfsan intizomiy jazosini tayinlashni lozim topgan.

Foto: Ahror Sodiqov

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoning yagona ayol hokimi Maqsuda Mustafoyeva internetda viloyatda faoliyat yuritgan eng yirik paxtachilik klasteri Sulton tex group korxonasi rahbarini selektorlarga kelmaslik, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermaslik, shuningdek, tuman aholisi uchun bog‘cha va maktab qurib bermaslikda ayblash bilan tanilgan. Mustafoyeva xonim keyinchalik tumandagi 5 nafar ayolga xayriya qilingan 100 million so‘m pulni ulardan uy qurib berish bahonasida olib, qaytarib bermagani sabab ham jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Qayd etish lozim, 100 million so‘m mojarosi ommaga oshkor bo‘lgach, hokim uch nafar ayolga 60 million so‘mni qaytarib berishni va’da qilsa-da, haligacha va’dasining ustidan chiqmagan.

Leave a comment