«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Toshkentda IIB xodimi bilan tortishgan 17 yoshli yigitda jarohat izlari aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Olga Biysembayeva” ismli foydalanuvchi Chilonzor tumanida uning o‘g‘li va ichki ishlar organlari xodimi orasidagi holat haqida xabar qoldirdi. Toshkent shahar IIBB mazkur fakt bo‘yicha ma’lumot berdi.

2021 yil 6 avgust kuni taxminan soat 16:00 da Chilonzor tumani 6-kvartalda yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan Sofiya U. Chilonzor tumani IIO FMB 1-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori katta leytenant Nodir Abdullayevga huquqbuzarlikni qayd qilganini ma’lum qilib, holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Ya’ni murojaatchi turar joy hovlisida o‘tirgan uch nafar o‘smirlar belgilanmagan joylarga chiqindilar uloqtirishayotganlarini aytgan. O‘zi tomonidan berilgan tanbehlarga yoshlar nojo‘ya javob qaytarishgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan profilaktika inspektori huquqbuzar 2004 yilda tug‘ilgan Maksim P. ekanligini aniqlagan. Profilaktik suhbat davomida qoidabuzarlar beodoblik qilib, konstruktiv muloqot qilishdan bosh tortishgan va bu bilan qo‘shnilariga nisbatan hamda IIO xodimiga nisbatan hurmatsizlik qilishgan. Afsuski, mazkur holat sababli profilaktika inspektori ham nojo‘ya iboralar ishlatib, ilgari o‘smirlar tomonidan uloqtirilgan bo‘sh plastik baklajkani huquqbuzar tomon otgan.

Voyaga yetmagan Maksim P.ning onasi 1987 yilda tug‘ilgan Olga Biysembayeva internet tarmog‘idagi o‘z xabarida yuqoridagi xodim uning o‘g‘liga tan jarohatlari yetkazganini aytib o‘tgan. Maksim P.ni ko‘rikdan o‘tkazgan tibbiyot xodimlari unda lat yegan joylari borligini aniqlashdi. Ammo ularning kelib chiqishi tekshiruvni talab etadi, chunki videoda tan jarohatlari aks etgan joylarga (suratda ko‘rsatilgan) zarba berilgani ko‘rinmagan.

Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan yuqoridagi xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra qonuniy chora ko‘riladi.

Manba: aniq.uz https://aniq.uz/uz/yangiliklar/toshkentda-iib-xodimi-bilan-tortishgan-17-yoshli-yigitda-jarohat-izlari-aniqlandi

Leave a comment