«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Sud mustaqilligining ikki omili: daxlsizlik va majburiyat

Amalga oshirilayotgan islohotlar tegishli huquqiy hujjatlarga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini yoki umuman yangi qonun qabul qilinishini taqozo etishi tayin. “Islohot” so‘zining tub ma’nosi “o‘zgarish”dir.

Yangi O‘zbekistonning o‘tgan qisqa tarixida ozmuncha o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Xususan, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zi katta sahifa.

O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilinishi esa bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning ajralmas bir bo‘lagi hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi qonun 101 ta moddadan iborat. Shu paytgacha amal qilib kelingan qonun 84 ta moddadan iborat ekani inobatga olinsa, yangi tahririda u 17 ta moddaga ko‘paygani oydinlashdi. (Bundan tashqari, mazkur qonun bilan  “Harbiy sudlar tashkil etish to‘g‘risida”gi, “Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risi”gi va “Sud tizimi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risida”gi uchta nizom tasdiqlandi). Shuning o‘ziyoq tizimda o‘tkazilayotgan islohotlar ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. Zero, qonun – hamma birdek itoat va hurmat qilishi shart bo‘lgan hujjat, unga qo‘shiladigan bitta norma ozmuncha muhokamalardan o‘tmaydi.

“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriridagi asosiy o‘zgartish va va qo‘shimchalar sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalar daxlsizligi kafolatlari kuchaytirishga oid ekaniga ta’kid shart emas.  Davlatimiz rahbarining gaplarini eslash kifoya: “…qonun buzilish ho¬latlarini faqat va faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkin”. Yoki: ”…Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash uchun, birinchi navbatda, sudyalarni odil sudlovga ta’sir o‘tkazadigan omillardan himoya qilish kerak”.

Qonunning avvalgi tahririda sudyalar daxlsizligini belgilovchi normalar 8 ta banddan iborat edi, yangi tahririda esa me’yorlar yanada takomillashtirildi, ayrimlariga aniqlik va qo‘shimchalar kiritilishi natijasida yana 4 ta band qo‘shildi. Xususan, tegishli malaka hay’ati roziligisiz sudyalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi alohida band sifatida qayd etildi.

Shuningdek, sudyalar daxlsizligini buzganlik  va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holati bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi raisining prokuratura organlariga taqdimnoma kiritish vakolati  hamda unga  javob berish muddati ham yangi tahrirdagi qonunda  o‘z ifodasini topdi. Shuningdek, bundan buyon sudya tegishli malaka hay’atining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Qonun faqat huquq yoki vakolatlarnigina kafolatlashdan tashqari majburiyatlarni ham belgilab beradi.  “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda sudyalarning daxlsizligi qanchalar kafolatlangan bo‘lsa, ularning majburiyatlari  undan ortiqroq ifoda qilingan.

Shubhasiz, sudya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga og‘ishmay rioya  etishi shart.  Sudyaning asosiy majburiyat shu. Biroq u nafaqat o‘z vakolatlarini amalga oshirishda, balki xizmatdan tashqari  vaqtda  ham  sud hokmiyati obro‘sini, sudyaning sha’ni va qadr-qimmati tushiradigan yoki uning beg‘arazligi, xolisligi va adolatililigiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatdan o‘zini tiyishi shart. Bundan tashqari qonun bilan sudyalar  zimmasiga korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga va odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha  faoliyatga g‘ayriqonuniy aralashishga urinishlarga qarshilik ko‘rsatishi, bunday  holatlar aniqlangan taqdirda Sudyalar oliy kengashiga xabar qilishi majburiyati ham yuklatildi. Mazkur norma tizimda korrupsiyaning barvaqt oldini olishga imkoniyat bersa, sudyalarning o‘z malakasini zarur darajada saqlab turish  majburiyati ularning o‘z ustida izchil ishlashini taqozo qiladi.

Sudda ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan sud hujjati qonuniy kuchga kirgunga qadar oshkora mulohaza bildirilmaslik majburiyati esa aybsizlik prezumpsiyasining amaldagi ifodasiga yana bir huquqiy asos vazifasini o‘taydi.

Qonunning yangi tahririda unga ko‘plab o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani yuqorida ikkita raqam misolida aytildi. Biz  faqat ularning ikkitasi – sudyaning daxlsizligi va majburiyatlari borasidagi yangi normalar haqida qisman to‘xtaldik, xolos. Sudyaning daxlsizligi sud mustaqilligini ifoda etsa, majburiyatlarni teran his qilib, unga og‘ishmay rioya etilishi qonun ustuvorligi ta’minlanadi, deganidir. Sirasini aytsak, sud hokimiyatining o‘zagini shu ikki omil tashkil etadi.

Bugun mazkur qonuning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha faol targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bu  kampaniya emas, aslo. Balki huquqiy ehtiyojdir. Davlatning xalqaro maydondagi mavqei qonun ustuvorligi ta’minlangani bilan o‘lchanadi. Qonun ustuvorligining mustaqil sud hokimiyatisiz ta’minlanishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shunday ekan, sudlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunning mazmun-mohiyati faol targ‘ib qilinishi kerak. Huquq qonun bilan kafolatlanar ekan, uning ro‘yobi sudda ta’minlanadi. Ikkinchidan, qonunni bilgan odam o‘z huquqining boshqalar tomonidan buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi, shuningdek, o‘zi ham boshqalarning huquqiga daxl qilmaydi. Qisqasi,  qonunlarga  itoat hissi  shunda shakllanadi. Buningsiz huquqiy madaniyat rivojlanishi amrimahol.

Xolmo‘min Yodgorov,

O‘zbekiston Respublikasi  

Sudyalar oliy kengashi raisi.

Leave a comment