«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bolalar ombudsmanining vazifalari nimalardan iborat?

Yangi farmon

Mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, bolalar orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi bo‘lgan bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bolalar ombudsmani  instituti ta’sis etiladi.

Bu haqda  davlatimiz rahbarining joriy yil 11 avgustda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonida belgilab qo‘yildi.

Mazkur farmonga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi tugatiladi va  Bolalar ombudsmani mustaqil institut sifatida ish boshlaydi.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) idoralararo komissiyalari  tegishlicha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi,Toshkent shahri,viloyatlar vatuman(shahar) komissiyalari sifatida qayta  tashkil etiladi.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, uning sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, bolalarning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish, bolaning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining oldini olish choralarini ko‘rish,  bolalar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek, ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish va  bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish  Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilab qo‘yildi.

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA

Leave a comment