«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda «prava»siz mashina haydashga va rulda telefondan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekiston Adliya vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritishni taklif etuvchi qonun loyihasini muhokamaga e’lon qildi. Adliya vazirligi xabarida aytilishicha, tuzatishlar eng yaxshi xorijiy tajribani hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Bu haqda «Daryo» yozmoqda.

Unga ko‘ra:

  • muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytirilmoqda (amalda 245 ming so‘m, endilikda 122,5 ming so‘m etib taklif etilmoqda);
  • transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolar uchun ikki baravarga (amalda 245 ming so‘m, endilikda 122,5 ming so‘m etib taklif etilmoqda), mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga (amalda 735 ming so‘m, endilikda 490 ming so‘m etib taklif etilmoqda) kamaytirilmoqda;
  • fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori BHMning o‘n baravaridan (2 mln 450 ming so‘m) yigirma baravarigacha (4 mln 900 ming so‘m) bo‘lgan miqdor oralig‘ida belgilanmoqda (amalda qat’iy miqdorda – 4 mln 900 ming so‘m etib belgilangan);
  • buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravarga kamaytirilmoqda (amalda 1 mln 200 ming so‘mdan 2 mln 400 ming so‘mgacha, endilikda 735 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha, bir yil ichida qayta sodir etilganda amalda 2 mln 400 ming so‘mdan 4 mln 900 ming so‘mgacha, endilikda 1 mln 700 ming so‘mdan 2 mln 400 ming so‘mgacha etib belgilash taklif etilmoqda);
  • yo‘lovchilarni lisenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik uchun jarima miqdori uch baravarga kamaytirilmoqda (amalda fuqarolar uchun 4 mln 900 ming so‘mdan 24 mln 500 ming so‘mgacha, endilikda 1 mln 700 ming so‘m etib, mansabdor shaxslar uchun 12 mln 200 ming so‘mdan 36 mln 700 ming so‘mgacha bo‘lsa, endilikda 7 mln 300 ming so‘m etib belgilash taklif etilmoqda);
  • pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravardan ham ko‘proqqa kamaytirilmoqda (223-modda);
  • O‘zbekiston fuqarosi pasport olmaganligi yoki uning shikastlanishi, yo‘qolganligi, shuningdek, chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekistonda yashash guvohnomasi bo‘lmaganligi, yashash guvohnomasining shikastlangani yoki yo‘qolganligi uchun amaldagi 122 ming so‘mdan 735 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima miqdori 81,6 ming so‘mdan 245 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorgacha etib belgilash taklif qilinmoqda;
  • Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan, vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni turar-joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun amaldagi 2 mln 400 ming so‘mdan 735 ming so‘mgacha etib belgilash taklif qilinmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida, shuningdek, transport vositalari haydovchilariga qulayliklar yaratuvchi quyidagi yangiliklar ko‘zda tutilgan:

  • haydovchilarga transport vositasini boshqarayotganda qo‘llarini ishlatmasdan muloqot qilish imkonini beruvchi minigarnituralar va boshqa texnik qurilmalar orqali telefondan foydalanish huquqi berilmoqda. Shuningdek, transport vositasini boshqarayotganda telefondan foydalanish huquqbuzarligini jazo qo‘llanilgandan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilgandagi kuchaytirilgan javobgarlik chorasi bekor qilinmoqda;
  • avtomobil salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda;
  • haydovchilarga, agarda ularning O‘zbekiston Respublikasida berilgan biometrik pasporti yoki ID-kartasi yonida bo‘lsa, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni, tex. pasportni, sug‘urta polisini yonida olib yurmasdan transport vositasini boshqarish huquqi berilmoqda;

Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi DYHXX xodimi tomonidan elektron tizim orqali transport vositasi to‘xtatilgan joyda mustaqil tekshiriladi. Mazkur yangilikni amaliyotga joriy qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga kerakli integrasiya ishlarini 2021 yil 1 dekabrga qadar yakunlash vazifasi yuklatilmoqda.

Harakat tezligini o‘lchashda, tezlikni o‘lchaydigan maxsus qurilmalar tomonidan qayd etilgan tezlik ko‘rsatkichlaridan qurilmalar tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan soatiga 5 kilometrlik nuqsonni ayirib tashlash bo‘yicha qoida joriy etilmoqda.

Manba: aniq.uz

Leave a comment