«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Tadbirkorlarga 903 mln so‘mlik noreal qarzdorlik hisoblagan “Hududgaz Jizzax” xodimlariga nisbatan jinoiy ishi qo‘zg‘atildi

Jizzaxda tadbirkorlarga katta miqdorda noreal qarzdorlik hisoblagan “Hududgaz Jizzax” xodimlariga chora ko‘rildi, deya xabar bermoqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi bir guruh tadbirkorlik subyektlari ularga nisbatan noqonuniy ravishda qarzdorlik hisoblangani va ular asossiz gaz tarmog‘idan uzilganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, “Hududgaz Jizzax” xodimlari tomonidan tabiiy gaz sarfini hisobga oluvchi Fossa dasturiga yuqoridagi tadbirkorlik subyektlarining hisobiga qariyb 903 million so‘mlik noreal qarzdorlik kiritilgan.

Ushbu holat yuzasidan biznes-ombudsman tomonidan “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga qonuniy baho berish va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish taklifi viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Biznes-ombudsmanning taklifi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilib, natijada “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali, “Hududgaz Metrologiya” filiali Jizzax bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Toshkentda MIB xodimi ikki yilda 596 mln so‘mni o‘zlashtirib yuborgani ma’lum bo‘lgani, Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi sobiq rahbari qamoqqa olingani hamda Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingani ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment