«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Nukus” poligonida murakkab to‘siqlar zabt etilib, nishonlar yo‘q qilindi

“Nukus” umumqo‘shin poligonida jangovar texnikalardan nishonlarga qarata amaliy o‘q otish va murakkab to‘siqlardan o‘tish mashqlari o‘tkazildi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Transheya, minalashtirilgan maydon, cheklangan yo‘laklar va boshqa o‘nlab to‘siqlardan o‘tishda haydovchilardan alohida mahorat namoyish etish talab qilinib, tank va zirhli transportyor ekipajlari shartli dushman jangovar texnikalari maketlarini yakson qilish vazifalarini bajarishda yuqori natijalarni qayd etdilar.

Mashg‘ulotlarga kirishishdan oldin ekipaj a’zolariga mashq tartibi, yo‘lakchalarda uchraydigan to‘siqlar va ularda harakatlanish bo‘yicha yo‘riqnomalar berilib, texnika xavfsizligi talablari yetkazildi. Ishtirokchilarning mashq sharti bo‘yicha nazariy bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

Dastlab marradan harakatlangan tank ekipaji oddiy texnikalarning o‘tishi murakkab bo‘lgan joylardan shiddat bilan o‘tishni boshladi. Havo harorati yuqori bo‘lgani uchun mexanik-haydovchilar tankning texnik holatini ko‘rsatib turuvchi peshtoqdagi o‘lchov asboblaridan xabardor bo‘lib turishdi. Harbiy xizmatchilarning jangovar texnikalarga bo‘lgan e’tibori tufayli tanklar iqlim injiqliklari hamda marshrutdagi sun’iy va tabiiy to‘siqlarni osonlikcha yengib, bepoyon qumliklarda “suzib” ketardi go‘yo.

To‘siqlardan o‘tgan ekipaj katta tezlikda otish marrasiga kelib, marra oldida turgan snaryad va o‘q-dorilarni tankka yuklay boshladi. Har bir soniya g‘animat. Aniqlik esa g‘alaba garovidir. Tez va aniq harakatlar ekipaj a’zolarining yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etishiga zamin yaratdi.

Harbiy xizmatchilarning to‘siqli yo‘lakni bosib o‘tishi va amaliy o‘q otish mashqini bajarishi vaqt mezoni bilan baholandi. Belgilangan nishonlarga qarata o‘q uzishdagi aniqlik hamda har bir to‘siqdan o‘tishda yo‘l qo‘yilgan xato umumiy bahoga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qo‘ymaydi.

Olisda turgan birinchi nishonlar qaqshatqich zarbalardan parcha-parchaga bo‘linib, chang-to‘zon ichida qolib ketdi. Ikkinchi nishon tank pulemyotidan otilgan o‘qlar zarbiga dosh bera olmay, yakson bo‘ldi. Demak, natijalar yaxshi. Faqatgina to‘siqlardan o‘tishda jarima ballarni olmaslik hamda belgilangan vaqt oralig‘ida finishga yetib kelish kerak.

Finish tomon kelayotgan tank qalin po‘lat ichida o‘tirgan ekipaj a’zolarining xursandchiligiga sherik bo‘layotgandek mag‘rur yelardi. Birinchi ekipajning ko‘rsatgan natijalari yuqori. Ammo g‘alaba nashidasini nishonlashga hali erta. Qolgan ekipajlarning umumiy ko‘rsatkichlari e’lon qilinmagunga qadar yuqori natijalarga erishgan ekipajlarni aniqlab bo‘lmaydi.

Tank ekipajlarining maydondagi o‘quv-jangovar chiqishlari ortidan navbat zirhli transportyor BTR-80ga keldi. Dadil va shiddatli harakatlar ekipajlarning jipsligi, o‘quvi va jangovar shayligini namoyish etdi.

O‘quv mashg‘ulotlari tunggi vaqtda ham davom etdi. Ko‘rish cheklangan vaziyat harbiy xizmatchilarning amaliy ko‘nikmasini ko‘rsatishga to‘sqinlik qila olmadi.

O‘zA

Leave a comment