«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Ehtiyot bo‘ling, rulda bolalar!

Yoxud farzandini falokat ko‘chasiga boshlayotgan “otalar”

Shu kunlarda odamni xavotirga soladigan voqealarga ko‘p bora guvoh bo‘lyapmiz. Vodiyga uyushtirilgan xizmat safari chog‘ida qishloq guzarlarida mashinani boshqarayotgan voyaga yetmagan bolalarni ko‘rib, ochig‘i vahimaga tushdim. Mashina ichiidan bo‘yi ham ko‘rinmaydigan xolatdagi bolalarni bemalol rulni boshqarib yurishganini ko‘rib xayratlandim. Qishloq guzari markazidagi do‘kon yoniga kelib to‘xtagan mashinadan 11 yoshlar atrofidagi bola tushib, mashina eshigini qo‘lidagi kalit bilan yopdiyu do‘konga kirib ketdi…

Poytaxtdagi holat esa qishloqdagisidan qolishmaydi. Xuddi shunday voqeaga kuni kecha Bektemir tumanidagi Majnuntol mahallasida ham guvoh bo‘ldim. Soat tungi 20:00 lar edi chamasi. Yo‘l chetida ketayotib, uzoqdan “Kobalt” rusumli mashinani tartibsiz holatda boshqarib kelayotganini ko‘rib, xaydovchi mast bo‘lsa kerak, deya o‘zimni chetga oldim. Mashina yaqinlashganida esa rulni 10 yoshlar atrofidagi bolakay boshqarib kelayotganini ko‘rib, vaziyatni tushundim. Hali maktab partasida o‘tirishi kerak bo‘lgan bolalarga mashina rulini topshirib qo‘yayotgan ota-onalar o‘z jigarbandini falokat botqog‘iga otayotganini bilisharmikan? Bunday ota-onalarga qonunchilikda qanday choralar qo‘llaniladi? Ushbu savollarga javob olish maqsadida mutaxassislarga yuzlandik.

— Ota-onalar voyaga yetmagan bolasiga avtomobilni boshqarishga ruxsat bergani uchun bizda birorta qonun bilan belgilab qo‘yilgan chora yo‘q, — deydi Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati katta mutaxassisi, mayor Shodmon Safarov. — Bu juda dolzarb masala. Shu bois Vazirlar Mahkamasi yoki Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu masala ko‘rib chiqilib, tegishli qonunlar joriy etilsa yaxshi bo‘lardi. Chunki shunaqa xolatlar ko‘zga tashlanganida ko‘pincha biz maktab yoki mahallada tushuntirish ishlarini olib borish bilangina cheklanib qolamiz. Ayrim ota-onalar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilganida men ko‘rmay qolibman, o‘g‘lim kalitni sezdirmay olib chiqib ketibdi, degan bahonalarni ro‘kach qilishadi. Voyaga yetmagan bolalarni transport vositasini boshqarishi natijasida daraxtga, binolarga urilib, ag‘darilib o‘ziga tan jarohati yetkazgan yoki vafot etgan xolatlar ham ko‘p bo‘lgan. Masalan, 2020 yilda voyaga yetmagan bolalar tomonidan avtomobilni boshqarish natijasida 6 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan. Ulardan bir nafar maktab o‘quvchisi vafot etgan. Ya’ni, 17 yashar o‘spirin mashinani boshqargan. Yonida 10 yashar ukasi bo‘lgan. Yosh yigit mashinani daraxtga borib urgan. Natijada ukasi og‘ir jarohat olib, olamdan o‘tkan. 2021 yil 6 oy holatiga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha 433 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilib, 51 fuqaro vafot etgan. Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq 33 ta transport hodisasi sodir bo‘lgan, 3 nafar maktab o‘quvchisi olamdan o‘tkan.

Yosh bolasiga mashina kalitini berib, rulni boshqarishiga tomoshabin bo‘lib turgan ota-onalar farzandi biror fojia yoki talafotga duch kelmagunicha ko‘zi ochilmaydi. Tushunib yetganida esa kech bo‘ladi. Shunday ekan, farzandlarimizni orzu-havaslarimiz qurboniga aylantirmaylik. Hozir ular o‘qisin, bilim olsin, sport bilan shug‘ullanib, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirsin. Hamma narsaga erishishning vaqti-soati bor. Shu narsalarni ularning ongiga singdiraylik. Shunda o‘zimizning hayotimiz xotirjam, farzandlarimiz esa hamisha baxt ta’mini his etib kamolga yetadi.

Nigora Rahmonova, O‘zA

Leave a comment