«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Sputnik V” vaksinasining ikkinchi dozasi O‘zbekistonda qolmagani aytilmoqda. Rasmiylar vaksina yaqin orada mamlakatga olib kelinishini ma’lum qildi

“Sputnik V” koronavirusiga qarshi emlashning ikkinchi komponenti O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lmaydi. Rasmiylar vaksina yaqin orada mamlakatga kelishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Podrobno.uz”.

Qayd etilishicha, nashr tahririyatiga nima uchun mamlakatda Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi yetishmayotganiga oydinlik kiritishni so‘ragan o‘quvchilarning savollari kela boshlagan. Odamlar vaksinaning ikkinchi dozasini olishi kerakligi va bunga juda kam vaqt qolganidan xavotirda. Agar bu jarayon ko‘pga cho‘zilsa butun jarayonni qaytadan boshlash kerak bo‘ladi. Belgilangan vaqt ichida inyeksiya qilinmagan odamlarni qanday salbiy oqibatlar kutayotgani ham aniq emas.

Bu savollar bilan Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunovaga murojaat qilingan.

“Ha, haqiqatan ham, bugun ‘Sputnik V’ vaksinasining ikkinchi komponenti yo‘q, lekin tez orada olib kelinadi va birinchi dozani olgan har bir kishi ikkinchisini oladi”, – dedi Dilorom Tursunova.

Tursunova Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va “Sputnik V” ishlab chiqaruvchisi vaksinalar orasidagi minimal oraliq 21 kun, maksimal esa 3 oyni tavsiya qilganini eslatib o‘tdi.

“Bugungi kunga kelib, Rossiya tomoni vaksinalarni qabul qilish orasidagi maksimal muddatni 180 kungacha, ya’ni olti oygacha oshirdi. Men yurtdoshlarimizga aytmoqchimanki, hech kim xavotirlanmasin, biz uchun hamma narsa o‘z kuchida qoladi, ya’ni interval 12 haftagacha davom etmaydi. Biz vaksinani kutamiz, u kelishi bilan uni darhol barcha davolash-profilaktika muassasalariga tarqatamiz”, – deydi u.

Bundan avval O‘zbekistonda qaysi aholi qatlami qancha vaksina qabul qilgani, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar soni 1,25 mln kishidan oshgani hamda Shavkat Mirziyoyev pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tish uchun fuqarolar qat’iy amal qilishi talab etiladigan uch muhim shartni aytgani haqida xabar berilgandi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment