«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qamashidagi mudhish YTH haqida ma’lumot berildi

Kecha Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida belgilangan me’yordan ortiq tezlikda harakatlangan «Neksiya» savdo do‘koniga borib urilgani haqida xabarlar tarqaldi. Qashqadaryo viloyat IIB xabariga ko‘ra, YTH oqibatida mashina haydovchisi voqea joyida vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 31-iyul kuni A-378 Samarqand-G‘uzor xalqaro avtomobil yo‘lining Qamashi tumani Uzun mahallasi hududidan o‘tgan 126-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Qayd etilishicha, 1996-yilda tug‘ilgan haydovchi Sh.E. ishonchnoma orqali boshqarib kelgan «Neksiya» mashinasi bilan harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada mashina yo‘l chetida joylashgan savdo do‘koniga borib urilgan. Zarba kuchidan savdo do‘konining devori qulab tushgan.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea yuz bergan joyda vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, haydovchi belgilangan me’yordan ortiq tezlikda harakatlangan va yo‘lning burilish joyiga kelganda boshqaruvni yo‘qotgan. Hozirda hodisa yuzasidan Qamashi tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Manba: xabar.uz

Leave a comment