«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi kuchga kirdi

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 2021-yil 28-iyulda O‘zbekiston uchun kuchga kirdi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrdagi rezolyutsiya bilan qabul qilingan va 2008-yil 3-may kuni kuchga kirgan. Konvensiya O‘zbekiston tomonidan 2009-yil 27-fevral kuni imzolangan va 2021-yil 7-iyunda ratifikatsiya qilingan edi.

Ushbu xalqaro shartnomada bugungi kunda 184 ta davlat ishtirok etadi.

Konvensiya 50 moddadan iborat bo‘lib, unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va asosiy erkinliklari, jumladan, ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanish, yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilgan va ularni amalga oshirishning huquqiy kafolatlari belgilangan.

Konvensiya  qoidalariga rioya etilishi va ishtirok etuvchi davlatlar majburiyatlarining bajarilishini muvofiqlashtirish va buning monitoringini amalga oshirish maqsadida BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etilgan.

O‘zbekistonda 2017-yilda Prezident farmoyishi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etilgan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni, shuningdek, 2020-yil “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan.

“Konvensiyada ishtirok etish milliy qonunchilikni va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga hamda ularni xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi”, — deyiladi TIV xabarida.

Manba: daryo.uz

Leave a comment