«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Afg‘onistonda suv toshqini oqibatida 150 kishi halok bo‘ldi

Afg‘oniston sharqidagi Nuriston viloyatida kuchli suv toshqini yuz berdi, oqibatda 40 dan 150 nafargacha odam halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy telekanallar hukumat vakillariga tayanib xabar bermoqda.

Mansabdorlar ma’lumotlariga ko‘ra, sel oqimi 29-iyulga o‘tar kechasi Kamdish tumanidagi Mexerdish qishlog‘iga yopirilgan. Toshqinda kamida 40 kishi halok bo‘lgan — ularning jasadlari allaqachon topilgan. Kuchli suv oqimlari 100 ga yaqin uy va chorva mollarini oqizib ketgan.

1TV News telekanali viloyat kengashi rahbari Saidulla Nuristoniyga tayanib, ma’lum qilishicha, tungi toshqinda qariyb 150 kishi qurbon bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq tabiiy ofat natijasida to‘liq vayron bo‘lgan. Nuristoniyning qo‘shimcha qilishicha, ushbu hudud “Tolibon” nazorati ostida bo‘lib, shu sababli u yerga gumanitar yordam yetkazish iloji bo‘lmayapti.

Ayni paytda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Manba: daryo.uz

Leave a comment