«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Ona tilim

O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligi, aniqrog‘i, 1989 yili ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan va bu juda katta bayramga aylanib ketgan edi.

Ammo, hali sho‘rolar saltanati hukm surib turgan bir vaqtda bu voqea, shunchaki, kengashli to‘y shaklida, xamirdan qilni sug‘urgandek oson ko‘chmaganini bugun ham bemalol tasavvur qilish mumkin…

Til – millatning muhim belgilaridan biri. Tilimizning «ozodlikka erishishi» ortidan xalqimiz o‘zining azaliy orzusi bo‘lmish – Milliy istiqlolga  ham erishdi. Mustaqillikka erishishimizda Ona tilimizning «qafasdan ozod bo‘lishi» muhim rol o‘ynadi. Istiqlolning mustahkamlanishi, bu tilimizning ham mustahkamlanishi, o‘z qaddini yanada balandroq tutishi, demakdir.

So‘nggi 4-5 yilda jamiyatimizda keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Buni istagan soha misolida ko‘rishimiz mumkin. Birgina, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni olaylik. Bugun ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tilining mavqei ota-bobolarimiz orzu qilgan darajalarga chiqib, u eng katta, nufuzli tadbir, anjumanlarda ham jaranglay boshladi.

Shahrimiz ko‘chalarida yot tillardagi yozuvlar soni kundan kunga kamayib bormoqda. Eng muhimi, katta-katta shohko‘chalarimizda tilni ulug‘lovchi, ona tiliga hurmat ma’nosidagi hikmatli gaplar – yozuvlar ko‘payib borayotir.

   Tasavvur qiling. Yo‘lda ketayotib ko‘zingiz ona tilingizni ulug‘lovchi da’vat, so‘zlarga tushsa, ko‘nglingizdan nimalar kechadi?

Yaqinda Toshkent shahri metropolitenining Olmazor bekati, bekat atroflari zamonaviy qiyofaga keltirildi. Olmazor – bekatmisan, haqiqiy bekat bo‘ldi. Ma’lumki, Olmazor bekati metropolitenning o‘ziga xos darvozalaridan biri. Juda ko‘p mehmonlar aynan Olmazor bekati orqali poytaxtimiz markazi sari yo‘l olishadi. Metropoliten ma’muriyati bu mas’uliyatni yaxshi his qilgan holda, milliylikka keng e’tibor qaratdi. Bekatga tushar ekansiz, yo‘laklarda ona tilini ulug‘lovchi da’vatlarga duch kelasiz. Hazrat Alisher Navoiyning portretlari va uning ostida lotin alifbosida hazratning avlodlarga vasiyati – «Tilga  e’tiborsiz – elga e’tiborsiz!» shiori, Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb bilishimiz kerak», degan da’vatilari…

Bir kunda bekatga minglab yo‘lovchilar tushib chiqadi. Kirishda, chiqishda odamlarimiz, ayniqsa, yoshlarni bu yozuvlarga ko‘zlari tushadi. Ko‘z ilg‘agan narsa ko‘ngil, qalbga muhrlanadi.

Shubhasiz, ona tilimiz eng boy tillardan. Dunyoda bor-yo‘g‘i  o‘n ming nufusi bor va shu tilda kitoblar chiqaradigan xalqlar bor. Bizda esa, birgina Navoiy bobo ishlatgan – foydalangan so‘zlar miqdorini eshitgan har qanday ajnabiy so‘z ustasi ham hurmat yuzasidan boshidan shlyapasi – qalpog‘ini oladi. Hikmatli so‘zlar, iboralarning son-sanog‘i yo‘q. Ana shu ibora, hikmatli so‘zlarni o‘rni-o‘rnida turli shior, lozunglar qilib ishlatish maqsadga muvofiq.

Yonilg‘i quyish shoxobchasiga kirishda katta bannerda shunday hikmat turibdi: «Vatanni sevmoq iymondandir!»

Shu joyda «Insof sari – baraka», “ Halollikka nima yetsin!», «Halollik sotilsa – o‘ladi!» kabi yozuv – da’vat bo‘lganda qanday chiroyli bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Yoki mahalla idoralari peshtoqi yo atrofida bitta bannerda yozilgan ikkita shior bo‘lardi. «Shahar bedarvoza emas!». Ikinchisi, «O‘z uyingni o‘zing asra!». O‘zbekistonda qancha mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ladigan bo‘lsa, hammasida shu yozuv. Mantiqan olib qaraganda, bitta bannerdan o‘rin olgan bu hikmatli gap – shiorlar biri ikkinchisini inkor etadi. Birinchi shior, «Shahar bedarvoza emas!» har qanday fuqaroning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yuboradi. Mahallaning egasi bor, ko‘zi, qulog‘i, posboni, biz uchun qayg‘uradigani bor ekan, degandek. Uning ostida yozilgan da’vat esa, odamning ikkkilantirib qo‘yadi: «O‘z uyingni o‘zing asra!» Ya’ni, aravangni o‘zing tort, bizga ko‘p ham ishonaverma, degan shama borday…

Qani mantiq?..

Demoqchimanki, tilimiz hikmatlarga to‘la, xudoga shukr boy. Uni qashshoq qilib ko‘rsatayotgan o‘zimiz. Ehtimol, oldinlari shu hikmatli so‘zlarni ham kimlardir tasdiqlab, keyin ruxsat berilgandir. Endi, zamon o‘zgargan… Ming yilliklar chig‘irig‘idan o‘tgan, faqat va faqat yaxshilikka da’vat qiluvchi hikmatli so‘zlarni xalqimiz yaxshi biladi. Qo‘yib beraylik, har bir mahalla, guzar, tuman o‘zi hal qilsin. O‘z qiyofasiga ega bo‘lsin. Rang-baranglik ko‘zni quvontiradi va farzandlarmiz ham ko‘chaga chiqqanda har kun bir hikmat o‘qib, o‘qib uyga kiradigan bo‘lsin.

Tilimizga e’tibor ortayotgan, yangi alifboga o‘tayotgan tarixiy bir pallalarda yuqoridagi kabi qusurlarimizga barham berishimiz zarur.

Ona tilimizda yangraydigan , xalqqa foydasi tegadigan so‘z, ibora, hikmatlarni o‘z o‘rnida shior qilib ishlatishni, ko‘cha-ko‘ylarni ana shunday qutlug‘ so‘z da’vatlar bilan bezash madaniyatini shakllantirish vaqti allaqachon kelgan.

                                                                         A.Narzulloyev, O‘zA

Leave a comment