«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bugungi jamiyatda xotin-qizlarning roli

Qaror va uning ijrosi

bugungi kunda  xotin-qizlarga nisbatan munosabat o‘zgarmoqda, ular  faqat bola tarbiyasi va  turmush o‘rtog‘iga g‘amxo‘rlik qilish bilan shug‘ullanadigan uy bekasigina emas.

Endi xotin-qizlar jamiyatimiz va davlatimiz oldida turgan  ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy vazifalarni hal etishda erkaklar bilan teng ravishda, faol ishtirok etishmoqda. Hozirgi kunda   ayol bu – rahbar, tashkilotchi, mavfura sohasi xodimi. Ayol – barqaror rivojlanish g‘oyalarining targ‘ibotchisi.

Suhbatdoshimiz – O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Elzara Reshatovna YUZLIKAEVA.

– Elzara Reshatovna, sizningcha, zamonaviy ayol qanday bo‘lishi kerak?

– Zamonaviy ayol – jamiyatimizning teng huquqli va faol a’zosi.  U barcha sohalarda mustaqil, o‘z hayotini mustaqil  rejalashtiradi, ta’lim oladi va mehnat qiladi, kasbiy, ijtimoiy, siyosiy yoki boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishni o‘zimustaqil tanlaydi.

Ayol oqila va donishmanddir. Unga hech bir soha bilan shug‘ullanish taqiqlanmagan, hech kim va hech narsa uni  ijtimoiy hayotda  muayyan joyni egallashga majbur qilmaydi.

Ayol zamonaviy texnologiyalar samarasida, yanada go‘zal bo‘lishni o‘rgandi. U vaqt bilan hamnafas qadam tashlamoqda.

XXI asr ayoli – bu o‘ziga nisbatan hurmatsiz munosabat ko‘rsatishlariga yo‘l qo‘ymaydigan kuchli ayoldir. U erishgan narsalari bilan to‘xtab qolmaydi, yanada ko‘proq yutuqlarga erishishga intiladi.

– Zamonaviy ayolning vazifalari nimadan iborat?

– «Inson bo‘lish qiyin, biroq ayol bo‘lish undanda qiyinroq»,  deb yozgandi fin yozuvchisi Martti Larni.

Ayol eng avvalo — ona, u farzandlarni dunyoga keltiradi, ularni tarbiyalaydi, voyaga yetkazadi. Ijtimoiy va psixologik omillar uning qo‘llab-quvvatlash, g‘amxo‘rlik qilish, tarbiyalash, farzandlar  ehtiyojlarini qondirish, yordam ko‘rsatish, o‘qitish, tajriba o‘rgatish kabi  funksiyalarini belgilaydi.

Qayd etish joizki, ayolning ushbu vazifalari bizning sharq ayollari uchun hanuzgacha  muhim va qadrlidir. Xotin-qizlarimiz dunyoning rivojlangan xotin-qizlaridan farqli o‘laroq  oilaviy qadriyatlarni professional martabadan  ustun qo‘yadilar. Ular farzand tarbiyasiga ham, ishga ham ulgurishadi. To‘g‘risini aytgada, bu quvonarli hol.

Ayol – rafiqa, uy bekasi, u bor oilada shinamlik, tozalik,tartib, mehr bor. U nafaqat turmush o‘rtog‘ining, balki butun oilasining eng yaqin ko‘makchisi.

Ayol – mehnatkash, e’tiborli, mas’uliyatli xodim, u har qanday sohada  katta yutuqlarga erisha oladi, murakkab fanlarni o‘zlashtira  oladi,  tashkilot, muassasa rivoji yo‘lida konstruktiv  takliflar kirita oladi.

Ayol – ijodkor. U ilhom baxsh etadi va yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda, ayol – bu uy bekasi hamda  mehnat jamoat va jamiyat a’zosi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayolarning faol ishtirokchisi.

– Gender tengligi nima va uning jamiyatga foydasi qanday?

– Xotin-qizlar yer shari aholisining yarmini tashkil qiladi, bu butun insoniyat salohiyatining teng yarmidir.  Gender tengligi jamiyatda tinchlik-totuvlikni ta’minlashda, barqaror rivojlanish yo‘lida insoniyat salohiyatini to‘la amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Ayollarni  jamiyat hayotiga jalb qilish iqtisodiy taraqqiyotni ham ta’minlaydi.

Masalan, shvetsiyalik iqtisodichilar demografik tendensiyalar, gender tengligi va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik borligini qayd etadi. Ular oilaviy mentalitet, tug‘ilish darajasi kabi mezonlar asosida 17 ta mamlakatdagi holatni tadqiq etib, jamiyatda  erkaklar va ayollarning o‘rni to‘g‘risida an’anaviy qarashlar ustun bo‘lgan mamlakatlarda (Germaniya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya) tug‘ilish darajasi nisbatan past,erkaklar va xotin-qizlar teng huquqli degan tasavvur hukmron bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan   iqtisodiy o‘sish darajasi ancha sust ekanini qayd etgan. Bu davlatlar (AQSH, Shvetsiya, Norvegiya va boshqa davlatlar)da tug‘ilish darajasi  ijobiy xususiyat kasb etadi va demografik vaziyat ancha muvozanatli. Ushbu davlatlarda aholi qarishi bilan bog‘liq muammolar kam va aholining iqtisodiy faolligi bo‘yicha ko‘rsatgichlar yuqori. Dunyo o‘zgarmoqda va imkoniyatlar ko‘paymoqda va  bu jarayonda xotin-qizlar e’tibor markazida bo‘lishga  harakat qilmoqda.

Quvonarlisi shundaki, mamlakatimizda bu muammo u qadar keskin emas. Bizning onaga nisbatan yuksak hurmat bilan munosabatda bo‘lish g‘oyasi targ‘ib etiladigan mentalitetimiz, tarbiyamiz o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

– Sizningcha, bugungi kunda ayollar muammolariga yetarlicha e’tibor qaratilyaptimi?

–BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ayollarning jamiyatdagi o‘rni va roli  haqidagi muammo ekologik-iqtisodiy masalalar va zamonaviylik muammolaridan keyin ikkinchi o‘rinda turar ekan.

Ko‘plab jamoat tashkilotlari va harakatlari xotin-qizlar xuquqlari uchun kurashmoqda. Turli mamlakatlarda ta’lim, madaniyatdarajasiga, iqtisodiy o‘sishi qarab,ushbu muammo turlicha hal etilmoqda.

Mamlakatimizga keladigan bo‘lsak, ayollar muamolari respublika rahbariyatining, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori markazida.

Prezidentimizning 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi  faol ishtirokini  ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori buning yaqqol dalilidir.

Oliy ta’lim tizimining vakili sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi“Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatgichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ulrni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi  qarorni eslashni joiz deb bilaman.

Shu kunlarda, Lex.uz ma’lumotlar bazasida 2020 yilda xotin-qizlar  muammolariga oid 8 ta me’yoriy-huquqiy hujjat, joriy yilda qabul qilingan  9 ta hujjat joylashtirilganini ko‘rib chiqdim.

Barchamiz muntazam ravishda xayriya aksiyalari, festivallar o‘tkazib turadigan jamoat tashkilotlari, jamg‘armalar faoliyati bilan tanishmiz. Xotin-qizlar muammolariga bag‘ishlab anjumanlar, seminarlarko‘plab o‘tkazilayotganini alohida qayd etish zarur.

– Siz bilan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga  qabul imtihonlari arafasida uchrashib turipmiz.  Dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, abituriyentlarning  aksariyati – qizlarni tashkil qiladi. Oliy ta’lim ularga nima beradi?

– Oliy ma’lumotli ayol  – bu oliy ma’lumotli millat deganidir! Bu balandparvoz gaplar emas. O‘qimishli ayol farzandlariga ko‘proq narsa bera oladi va bu juda muhimdir.

Dunyoqarashi keng ayolga atrofdagilar, avvalombor, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, hamkasblari, qo‘shnilari o‘zgacha hurmat bilan qarashadi. Unday ayol jamiyat hayotida faol ishtirok etadi, mas’ul lavozimlarni egallaydi.Uzoq vaqtlar davomida rahbarlik lavozimlarini asosan erkaklar egallashgan. Biroq so‘nggi yillarda bu tendensiya o‘zgardi. Ayol diplomatiyasi, zukkoligi, tadbirkorligi va oqilaligi bilan yirik tashkilotlarda tengsiz va muvaffaqiyatli rahbar bo‘lib kelmoqda.

Savodli ayol yosh qizlarga o‘rnak bo‘la oladi, ularni  ulkan yutuqlarga erishishga ilhomlantira oladi. U Uchinchi Renessans g‘oyalarining yaxshi targ‘ibotchisi bo‘lmoqda,  xotin-qizlar,farzandlarga  yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida  hal qilinayotgan  vazifalarni tushuntirishga harakat qilmoqda.

– Yurtimiz katta siyosiy voqea –O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga  tayyorgarlik ko‘rmoqda.  Sizningcha, bu jarayonlarda  ayollarning ishtiroki qanday bo‘lishi kerak?

– Yuqorida aytilganidek, ayollar son jihatdan ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shunga ko‘ra, bu elektoratning katta qismi degani hamdir va bu borada  maqsadli ishlarni amalga oshirish kerak.

bugungi kun  ayollarimiz ma’lumotli ayollar bo‘lib, ular  ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalarni yaxshi bilishadi. Ular bu jarayonlarga ob’ektiv baho berishadi.

Ishonchim komilki, ayollar  saylovlarda ham faol ishtirok etishadi, chunki ular yurt kelajagi, farzandlari kelajagi uchun ovoz berayotganlarini yaxshi bilishadi.

Bundan tashqari, ko‘plab saylov uchastkalari  ta’lim muassasalarida tashkil etlmoqda. Bu maskanlarda  aksariyat aholi – xotin-qizlarni tashkil qiladi. Demak, ayollar – nafaqat  saylovchi, balki shuningdek,  saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish jarayonining faol ishtirokchisi hamdir. Ularning zimmasiga katta mas’uliyat yuklangan. Aminmanki, ularbu vazifani uddalaydi.

O‘zA muxibri  

Nasiba ZIYODULLAEVA

suhbatlashdi.

Leave a comment