«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Marg‘ilonda hunarmandchilikdan bexabar inson bo‘lmasa kerak

Marg‘ilon shahar “Orol bo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘ini 1994 yilda tashkil topgan. Hozirgi kunda ushbu mahallada 5000 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Mazkur mahallada 155 ta tadbirkorlik sub’ekti mavjud bo‘lib, aholining asosiy qismi kosibchilik, chevarchilik, nonvoychilik kabi hunarmandchilikning boshqa turlari bilan shug‘ullanadi.

Mahalla aholisi asosan charm poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish borasida usta-hunarmandlardan. Bir kosib o‘z sexida eng kamida 8 nafardan 60 nafargacha fuqaroni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Bir kunda 15 ming juft, bir oyda esa 390 ming juft qiymati 9,7 mlrd. so‘mlik bolalar va o‘smirlar oyoq kiyimlari ishlab chiqarilayotgan ushbu kosibchilik sexlarida ayni kunda 1050 nafarga yaqin “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftar”larida ro‘yxatda turuvchi fuqarolarning bandligi ta’minlangan.

Hozirgi kunda mazkur mahalla fuqarolar yig‘inida hunarmandlar uylari va kosibchilik markazining qurilish ishlari qizg‘in olib borilayapti.

Xususan, kosibchilikni yanada rivojlantirishga ixtisoslashgan “Showroom” nomli o‘quv markazi shular jumlasidandir. Ushbu markazning qurilish ishlariga 1,5 milliard mablag‘ ajratilgan. O‘quv markazi binosiga qurilish ishlari yakuniga yetganidan so‘ng umumiy hisobda 230 million so‘mlik dastgoh va jihozlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha ushbu mahsulotlarning 65 foizi olib kelindi. Markazning ishga tushirilishi natijasida esa har 3 oyda 60 nafar yoshlar usta-hunarmandlardan kosibchilik sirlarini puxta o‘rganib, yakka tartibda o‘z ish faoliyatlarini boshlashlari mumkin bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Marg‘ilon shahrida hunarmandchilikning u yoki bu turidan xabari bo‘lmagan inson yo‘q. Xalqining dasturxonidagi to‘kinlik va baraka shundan bo‘lsa kerak…

Abdubannob MANSUROV,

Marg‘ilon shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari

Manba: uza.uz

Leave a comment