«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“ArMI – 2021”: Xalqaro armiya o‘yinlariga yo‘l olgan o‘g‘lonlarimizdan yana yuqori natijalar kutib qolamiz

Jasur va mard harbiy xizmatchilarimiz milliy armiyamizning kuch-qudratini, jangovar shayligi yildan-yilga yuksalib borayotganini yaqqol namoyon qilishmoqda.

Ayniqsa, Xalqaro armiya o‘yinlari va boshqa nufuzli harbiy musobaqalarda bu yaqqol ko‘zga tashlanyapti.

Kuni kecha “ArMI – 2021” Xalqaro harbiy musobaqalarining Rossiya Federatsiyasida o‘tkaziladigan bahslarida ishtirok etadigan jamoalarimiz a’zolaridan bir guruhi harbiy pahlavonlar bellashuviga jo‘nab ketdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ularni mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev boshchiligidagi mas’ul mutasaddilar kuzatib qo‘ydi.

Joriy yilgi “ArMI–2021” Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalarining 24 turdagi musobaqalarda ishtirok etishi rejalashtirilgan (shundan bittasi – “Sayan yurishi” musobaqasi bo‘lib o‘tgan). Unda dunyoning 43 davlatidan 295 ta jamoa ishtirok etishi kutilyapti.

“ArMI – 2021” Xalqaro harbiy musobaqalarining 2 tasi – “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” O‘zbekiston Respublikasida (“Forish” tog‘ poligoni hududida), 12 ta musobaqa – “Elbrus halqasi”, “Avtozirhli tank texnika ustasi”, “Qo‘shin razvedkasi a’lochisi”, “Armiya madaniyati”, “Xavfsiz marshrut”, “Muhandislik formulasi”, “Tank biatloni”, “Desant vzvodi”, “Taktik o‘qchi”, “Harbiy ralli”, “Otliq marafon” va “Sayan yurishi” Rossiya Federatsiyasida, 3 musobaqa – “Professional mergan”, “Ishonchli qabul”, “Qutb yulduzi” Belarus Respublikasida, 2 ta musobaqa – “Musaffo osmon” va “Xavfsiz muhit” Xitoy Xalq Respublikasida, bittadan musobaqalar Jazoir Xalq Demokratik Respublikasida (“Sodiq do‘st”), Qozog‘iston Respublikasida (“Artilleriya olovi ustasi”), Vetnam Respublikasida (“Merganlik marrasi”), Eron Islom Respublikasida (“Qurolsoz usta”) va Qatar davlatida (“Yo‘l patruli”) o‘tkazilishi kutilmoqda.

Joriy yilda Xalqaro armiya o‘yinlarining “Ishonchli qabul”, “Desant vzvodi”, “Armiya madaniyati”, “Qutb yulduzi”, “Muhandislik formulasi”, “Taktik o‘qchi”, “Professional mergan”, “Sayan yurishi” kabi musobaqalarida yurtimiz vakillari birinchi bor ishtirok etadilar.

Shuni alohida qayd etish lozimki, yurtimiz jamoasi joriy yilning 14-16 aprel sanalarida Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan va 7 mamlakat – Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Abxaziya Respublikasi, Janubiy Osetiya Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi jamoalari ishtirok etgan “Sayan yurishi” musobaqasida munosib ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 23 avgustdan 5 sentyabrgacha davom etgan «ArMI – 2020» Xalqaro armiya o‘yinlarida sayyoramizdagi 32 davlatning 160 dan ziyod jamoasi qatorida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 16 yo‘nalishda, ya’ni “Merganlik marrasi”, “Qurolsoz usta”, “Musaffo osmon”, “Artilleriya olovi ustasi”, “Yo‘l patruli”, “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari”, “Tank biatloni”, “Elburs halqasi”, “Sodiq do‘st”, “Xavfsiz marshrut”, “Dala oshxonasi”, “Harbiy ralli”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Merganlar marrasi”, “Otliq marafon”, “Avtozirhli tank texnika ustasi” musobaqalarida faol ishtirok etgan, shundan “Sodiq do‘st”, “Yo‘l patruli” va “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqalarida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, jami 16 yo‘nalishdan 14 tasida yuqori pog‘onalarni egallagan va umumjamoa hisobida 3-o‘rinni band etishgandi.

O‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ko‘rgan, oriyatni, g‘urur va sadoqatni hamma narsadan ustun bilgan o‘g‘lonlarimiz bu safar ham yuqori natijaga erishib, yana bir bor xalqimizning hurmat-ehtiromini qozonishiga tilakdoshmiz.

Yoshin HAKIMOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

kommunikatsiyalar departamenti xodimi.

O‘zA

Leave a comment