«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qashqadaryo hokimi tashkilotlar eshigida oylab sarson bo`lgan fuqarolarni bir joyga yig`di va qator tashkilot rahbarlarini ishdan oldi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev rahbarligida o`tkazilgan ogohlantiruv yig`ilishi tanqidiy ruhda o`tdi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi Axborot xizmati.

Ma`lum qilinishicha, oylab, yillab sarson bo`lgan fuqarolar «yig`ilish maydonga» olib kelingan. Ko`plab rahbarlarning muomala madaniyati, e`tiborsizligi ularning ko`z ungida ochib tashlandi.

— Avvallari «otangga, onangga», degan naql bor edi. bugun ushbu ro`yxat ancha cho`zilib ketdi, — dedi Zoyir Mirzaev. — Natijada farzandiga o`quv daftariga deb asrab qo`ygan pulini ham sarflab tashkilotlar eshigida sarson bo`lganlar soni ortdi. Bugun ana shu onalarni, opalarni siz rahbarlar bilan yuzlashtirdim, Zora, vijdon uyg`onsa, qalbida «har bir ayol mening onam, opa-singlim, deb qaralsa».

Viloyat hokimi faqat qog`ozda murojaati «hal etilgan» fuqaronlarga mas`ullar oldida telefon orqali bog`landi. Murojaatchi ishi hal etilganidan xabari yo`q. Sababi fuqarolar bilan uchrashmasdan, muammo echilmasdan murojaatlar qog`ozda yopib yuborilgan.

Yig`ilish davomida murojaatlarga panja ortidan qarayotgan ba`zi rahbarlar vazifasidan ozod etildi, ayrimlariga «hayfsan» e`lon qilindi:

— Yakkabog` tumani Aholi bandligiga ko`maklashish markazi direktori Oltiev Bobomurod vazifasidan ozod etildi. (bir fuqaroning murojaatini 171 kun muddat ichida ham ko`rib chiqmaganligi uchun)

— Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi Shahrisabz shahar bo`limi boshlig`i Ziyoev Jamshid vazifasidan ozod etildi. (takroriy murojaatlarga ham javob bermagani, og`ir sharoitli oilalarga nafaqalar ayaratmagani uchun)

— Koson tumani Elektr tarmoqlari korxonasi direktori Mirzaev Asror vazifasidan ozod etildi. (takroriy murojaatlarga ham javob bermagani uchun)

— «Agrobank»ning Chiroqchi tumani filiali boshqaruvchisi Umurzoqov Oybek vazifasidan ozod etildi. (fuqarolarning kredit so`rab qilgan murojaatlariga e`tibor qaratmagani uchun)

— «Agrobank»ning Qamashi tumani filiali boshqaruvchisi Normurodov Bahrom vazifasidan ozod etildi. (fuqarolarning kredit so`rab qilgan murojaatlariga e`tibor qaratmagani uchun)

— G`uzor tumani Aholi bandligiga ko`maklalish markazi direktori o`rinbosari Toshpo`latova Mavjudaga 3 oylik ish haqi miqdorida jarima. Agar, fuqaroning murojaatiga 10 ish kunida ijobiy hal etilmasa, vazifasidan ozod etish.

— Viloyat Bandlik boshqarmasi boshlig`i Qurbonov Bekzod va G`uzor tumani Aholi bandligiga ko`maklalish markazi direktori Toshpo`latov Sherbeklarga «hayfsan». (“Qashqadaryoneft-gazishchi-ta`minot” AJ Sho`rtan MChJda ishlab ish haqlarini ololmayotgan fuqarolarni murojaatini «unutib» qoldirgani uchun)

— Qamashi tumani hokimining birinchi o`rinbosari G`ofurov Rustamga «hayfsan». (Tumanda fuqarolar tomonidan tadbirkorlik sohasini rivojlantirish masalasida qilinayotgan murojaatlar ijrosini nazoratga olmaganligi uchun).

Shuningdek, murojaatlarga e`tiborsiz qaragan yana o`nlab rahbarlarning Respublika boshqarmasiga, joylardagi Xalq qabulxonalarining ayrim rahbarlarini ishda qolish-qolmasligini so`rab xat yo`llash taklifi ham kiritildi.

Ma`lumot uchun, Qashqadaryo viloyati Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga joriy yilning o`tgan 6 oyi davomida jami 104002 (62634) ta murojaatlar kelib tushgan bo`lib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan  41368 taga yoki 66%ga ko`paygan.

Manba: darakchi.uz

Leave a comment