«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Iste’molchilarga chek berilmagani sabab bir milliard so‘mdan ziyod jarima undirildi

Qaror va ijro

Joriy yilning birinchi yarim yili bo‘yicha Toshkent viloyatida jismoniy shaxslarning mol-mulk, yer solig‘i deklaratsiya asosida undiriladigan daromad solig‘i, yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy soliq va ijtimoiy soliq to‘lovlari bo‘yicha 160,8 milliard so‘m soliqlar undirildi.

Xususan, 105,0 milliard so‘m mol-mulk va yer soliqlari, 14,9 milliard so‘m deklaratsiya asosida hisoblangan daromad solig‘i, 14,0 milliard so‘m yakka tadbirkorlardan undiriladigan qat’iy soliq va 26,9 mlrd. so‘m ijtimoiy soliq summalari undirilib, tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 154,6 foizga oshirilgan.

Ayni paytda viloyatda yakka tartibdagi tadbirkorlar 35 ming 578 nafarni tashkil etib, yil boshidan beri amalga oshirilgan ishlar tufayli 8 ming 705 nafar tadbirkor ro‘yxatga olingan. Shuningdek, 25 ming 292 nafar jismoniy shaxs o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha ro‘yxatga olinib bandligi ta’minlandi.

Sayyor soliq tekshiruvi bo‘limi tomonidan o‘tgan davrda iste’molchilarga chek bermaslik holatlari yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda aniqlangan holatlar yuzasidan 1 milliard 625 ming so‘m miqdorida jarima undirildi.

Ko‘pchilik savdo do‘konlari yoki dehqon bozorlaridan mahsulot sotib olganda xarid qilingan mahsulot uchun nazorat-kassa mashinasidan (nkm) chekni olmaydi. Ba’zan esa xaridorlar pulini to‘laganidan so‘ng chek olishni esdan chiqaradi yoki umuman e’tiborga olinmaydi. Bu kabi salbiy holatlarga aksariyat hollarda iste’molchilarning o‘zlari ham sababchi bo‘layapti.

Aslida xarid cheklarini talab qilib olish naqd pullarning bankdan tashqari noqonuniy aylanishining oldini olib, davlat byudjetiga soliq tushumi oshishini ta’minlaydi. Shu sababli agar sotuvchi chek bermasa, albatta, talab qilish kerak.

Prezidentimizning 2021 yil 28 apreldagi “2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bilan alohida davlat dasturi tasdiqlandi. Unda aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash uchun har tomonlama yordamning yangi ta’sirchan mexanizmlari joriy etildi. Xususan, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor berildi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish choralari ham belgilandi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik, shu jumladan hunarmandchilikni rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini tashkil etish davlat dasturiga kiritilgan. Bu boradagi sa’y-harakatlar joriy yil davomida muntazam amalga oshiriladi.

 

A.Musayev, O‘zA

Leave a comment