«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bugun matbuotda nima gap?..

Jamiyatimizda yuz berayotgan kundalik o‘zgarishlarni yoritishda gazetalarning o‘rnini inkor etib bo‘lmaydi. Bir tugmachani bosish bilan muhim yangilikni dunyoga yoyib yuborish imkoni palak otgan bir zamonda gazetachilik zahmatini his qilmaslik, bu sohada deyarli 24 soat tinim bilmay ishlayotgan jurnalistlar mehnatini qadrlamaslik haqiqatdan ko‘z yumish bilan barobar.

Bugun nashrdan chiqqan gazetalarni varaqlab turib, hamkasblarimiz o‘z vazifalarini nechog‘lik oqlayotganiga – O‘zbekistonimiz qaysi havodan nafas olayotgani, yurtimiz va jahonda qanday o‘zgarishlar yuz berayotganiga guvoh bo‘lasiz.

«YANGI O‘ZBEKISTON»ni varaqlab, Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi Prezident qarori, joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya arafasida «Dunyo» AA muxbiri Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Said Asad G‘iloniy bilan ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada rivojlantirishdagi ahamiyati hamda O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari xususidagi suhbat, «Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda» kitobi o‘zbek, ingliz, urdu tillarida chop etilgani kabi bir necha tahliliy maqolalarga guvoh bo‘lasiz.

«XALQ SO‘ZI»da «Janubiy Osiyo sari yo‘l O‘zbekiston uchun qanday manfaat olib keladi?», «Yoshlar – kelajak»drayverlari», «Yurtimizda matbuotga e’tibor bugungiday yuqori bo‘lmagan» kabi muhim maqolalarni o‘qishingiz mumkin bo‘ladi.

Oxirgi vaqtlar tom ma’noda yaxshi tomonga o‘zgargan «HURRIYAT»ning bu soni ham o‘quvchini befarq qoldirmaydi. «Chorasizning chorasi yoxud matbuot inqirozdan qanday qutuladi?», «Meros va ixlos», «O‘tkir Rahmat saboqlari», Salim Ashurning «Matbuot tanqidini qabul qilish madaniyati» maqolasi, «Puli borga taqiq yo‘q…mi?», «Vatan haqida tuganmas qo‘shiq» kabi maqolalar samimiy yozilganligi bilan o‘quvchini o‘ziga rom etadi.

«ISHONCH»ni varaqlar ekansiz, «Aytilmagan dardlar hali ko‘p», «Chorrahadagi muammolar yoki yo‘l belgilarini o‘zgartirish unga yechim bo‘la oladimi?», «Afg‘oniston mojarosi va Yangi O‘zbekiston: eski muammoga yangicha yondashuv», «Qachongacha arzon ishchi kuchi bo‘lamiz?», «Unutilayotgan tamoyillar yoxud yer faqat ozuqa beruvchi manba emas» kabi bugungi kunning og‘riq nuqtalari haqidagi maqolalarga duch kelishingiz mumkin.

«O‘ZBEKISTON OVOZI»da «Qo‘rqsa, hurmat qiladi», «Quruq bayonot va bahonalar jamoatchilikni charchatadi», «Elektr energiyasi va 25 yil», «Uzun tuman hokimligi bir ayolga umid beribdi…» kabi o‘qimishli maqolalari bilan o‘quvchilarga yuzlanadi…

«KITOB DUNYOSI»da L.N.Tolstoyning «O‘zimizni tarbiyalamay turib, bolalarimizni va boshqa birovlarni tarbiyalashga urinar ekanmiz, tarbiya murakkab va og‘ir ish bo‘lib qolaveradi…» degan hikmatli gaplari bilan boshlanadi va undagi she’r, hikoya, tarjima va barcha maqolalar zamirida ana shu haqiqatni anglashga ishoralar borligiga guvoh bo‘lasiz…

«MA’RIFAT» gazetasi ham “9 yil nemis tili o‘rgangan o‘quvchilarga endi ingliz tili o‘qitilyapti», «Kim bo‘lmoqchisan, bolakay?» kabi qator o‘qimishli maqolalari bilan e’tiborni tortadi.

Gazetalar bugun chekka-chekka hududlargacha yetib borayaptimi, yo‘qmi, bilmadik. Ammo, fidoyi hamkasblarimiz islohotlar ichida yashab, elimizga muhim va zarur xabarlarni yetkazayotgani aniq…

 

A.Narzulloyev, O‘zA

Leave a comment