«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Unutilgan oddiy burchimiz

Ertalab tuppa-tuzuk ayolning katta yo‘l yoqasiga chiqindi xaltani bamaylixotir tashlab, yo‘lida bemalol davom etishi boshqa yo‘lovchining g‘ashini keltirdi.

Uning «Opa, yo‘l yoqasiga ham chiqindi tashlaysizmi…», degan xitobi javobsiz, muallaq qolib ketdi.

Har tong ishga ketayotib chor-atrofni chinnidek tozalayotgan ayollar — obodonlashtirish sohasi xodimlariga ko‘zim tushadi. Yaxshiyam shular bor, ko‘chalarimiz top-toza turadi. O‘zimcha bir lahzaga bo‘lsa-da, kundalik hayotimizni ularning mehnatisiz tasavvur etishga harakat qilaman. Chor-atrof ne ahvolga tushishini anglash qiyin emasligini his etaman shunda.

Ko‘p qavatli uylardan iborat mavzelarga hech e’tibor bilan nazar solganmisiz? Keyingi paytda istagan odamning istagan joyga, yo‘laklar, pod’ezd atrofi, umuman, qayerni ixtiyor etsa, o‘sha joyga axlat tashlab ketishi «urf»ga kirgan. Yo‘l yuzida salqin ichimliklardan bo‘shagan plastik idishlar, shisha siniqlari, selofan xaltalar, shox-shabba, daraxtlarning ilk sarg‘aygan barglari uyumi.

«Ozoda xalqmiz», deb kerilishga ustamizu, biroq ko‘cha-ko‘yning xohlagan joyiga yelim xaltalardagi maishiy chiqindilarni kishi bilmas tarzda tashlab, indamay yana yo‘lda davom etaveramiz. Nahot mahallamiz, ko‘p qavatli uylar atrofida uyum-uyum chiqindilar paydo bo‘lishiga davlat aybdor bo‘lsa?! Chiqindi paketni yuz qadam naridagi chiqindixonaga eltib qo‘yish qiyinmi shuncha?! Buning uchun nahot mablag‘ talab etilsa? Axir uyimiz, xonadonimizning istalgan joyida chiqindilarni qoldirmaymiz

bugungi kunda ko‘p qavatli uylar joylashgan har bir mahallada bir emas, bir necha maishiy chiqindilarni to‘plash shaxobchalari bor. Ularga biriktirilgan odamlar arzimagan oylik evaziga xonadonlardan chiqqan selofan paketlarni saranjomlaydi. Nahotki to‘rt-besh qadam yurishdan erinmay, chiqindilarni belgilangan joylarga olib borish shuncha qiyin bo‘lsa?! Afsuski, ayrim mavzelarning ahvoliga qarab, ko‘ngil xira tortadi. Istalgan joyga chiqindi tashlab ketish uchun odam qanchalik xudbin, befarosat, kaltabin bo‘lishi kerak

Havo harorati qirq darajadan ortayotgan bir paytda har joyda qoldirilgan bunday turfa axlat xaltalari, chiqindi uyumlari havoga, tashqi muhitga o‘zidan noxush is, zararli bakteriyalarni tarqatmaydi, deb kim ham ayta oladi. Bugun xavfli kasalliklar avj olayotgan, ob-havodagi, iqlimdagi global o‘zgarishlar yuz berayotgan murakkab bir davrda turfa sinovlarning ildizini odamzot o‘zidan, o‘z xatti-harakatidan ham izlashga urinib ko‘rinsa, yomon bo‘lmasdi. Mahalla-ko‘y, mavzelar, yo‘l-yo‘laklar ham o‘z uyimiz aslida. Ularni ozoda saqlash, tozalikka rioya etish barchamizning insoniy burchimizdir.

 Nazokat Usmonova, O‘zA

Leave a comment