«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Vaksina olganlar ham koronavirus yuqtirib shifoxonaga tushib qolyapti: sabablar

Ba’zi vaksina olganlar orasida kasallanish holatlari kuzatilmoqda, ulardan ayrimlari esa kasalxonaga tushib qolmoqdalar. Buni qanday izohlaysiz?

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva mazkur masala yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Afsuski, bu to‘g‘ri. Bugungi kunda vaksina olayotganlarni ba’zilari shunday holatga tushmoqdalar, lekin buning sabablari mavjud:

1- sabab: Ommaviy vaksinatsiya boshlangani 2021 yil aprel oyi edi, shu vaqtgacha davlatimizda mavjud AstraZeneca, ZF-UZ-VAC 2001, «Sputnik V» vaksinalarini o‘z vaqtida olganlar organizmida immun himoya tanachalari ishlab chiqilgan va hali ishlab chiqilishi davom etmoqda.

Emlanganlarda immun hujayralar ishlab chiqilishini maksimal himoya ko‘rsatkichi avgust oylari va undan keyin erishiladi.

Bugungi kunda shu jarayonda to‘liq emlanib ulgurmaganlar, to‘laqonli immun himoyasi bo‘lmagan bo‘lsada, karantin qoidalariga rioya qilmaganliklari bois kasallanib qolmoqdalar.

2- sabab: Bugungi kunda kasallik keng tarqalayotgani sabab vaksina bilan qamrab olish kontingenti ham kengaytirildi va barcha aholimizni vaksina olishga dav’at qilmoqdamiz, ya’ni 18 yoshdan kattalarning barchasi emlanishi mumkinligi belgilanib berildi.

Ammo aholi orasida karantin qoidalariga to‘liq rioya qilmaydiganlar mavjud, vaksina olayotgan vaqtda ularni organizmiga virus tushgan va kasallikni yashirin davri ketayotgan bo‘lishi mumkin yoki ba’zilar simptomlarsiz kasallikni kechirayotgan bo‘lishi mumkin.

Aynan shunday kishilarda vaksina olgandan so‘ng ham hali immun himoya ishga tushmagani sababli kasallik yuzaga kelib chiqishi va PZR-testda tasdiqlanishi kuzatilmoqda.

Bunday holatlarda vaksina olish vaqtida yoki olingunicha organizmiga virus tushgan bo‘ladi. Shu sababli vaksina bu yerda o‘z ishini bajara olmaydi, vaksina faqatgina bu kasallikni yuzaga chiqadigan davriga to‘g‘ri kelib qolgan bo‘ladi.

Bunday holatlarning oldini olish uchun, agarda vaksina olmoqchi bo‘lgan odamda bemor bilan kontaktda bo‘lganligi borasida aniq bir javob bo‘lmasa, PZR-test topshiri kerak, natija manfiy chiqsagina vaksinani olish mumkin bo‘ladi. Bu kabi tekshiruv o‘tkazish, vaksinalarni ham besamar ketishini oldini oladi.

3- sabab: Vaksina, ayniqsa AstraZeneca va «Sputnik V» kabi vaksinalar organizmga tushganida ular vektorli vaksinalar bo‘lgani bois organizmda yengil ORVI ko‘rinishida kasallik chaqirishi vaksinaning ko‘rsatmalarida ham keltirilgan.

Vaksina olgandan keyin birlamchi immun himoya tanachalari 2 hafta davomida ishlab chiqilishi borasida biz doim gapirib kelamiz, shu vaksinatsiyadan keyingi davrda yengil ORVI kasalligini boshdan kechirish jarayonida himoyalanmagan kontakt, ya’ni karantin qoidalariga rioya qilmaslik koronavirusni organizmga kelib tushishini keltirib chiqaradi.

Vaksinatsiyani olish jarayonidagi talab va tartiblarga, shuningdek karantin qoidalariga rioya qilmaslik kasallikni yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, vaksinaga bo‘lgan asossiz shubha va ishonchsizlikni ko‘paytirmoqda.

Manba: xabar.uz

Leave a comment