«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Kuchaytirilgan karantin kiritilmayotgani sababi aytildi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov O‘zbekistonda nega kuchaytirilgan karantin choralari kiritilmayotganiga javob berdi.

«Karantin va cheklov talablari keskin va qattiq talablar asosida amalga oshiriladigan bo‘lsa, bu ko‘p oilalarni hayot tarzi, ularning iqtisodiy ahvolini tang holatga keltirib qo‘yish nuqtai nazaridan bu kabi tadbirlarni o‘tkazishga, keskin choralarni qo‘llashga qo‘l urilmayapti. Albatta, bu kabi tadbirlarni qo‘llab, vaziyatni tezda barqarorlashtirishga erishish mumkin bo‘ladi. Vaziyatga qarab, qo‘shimcha cheklovlar kiritib kelinyapti», – qayd etdi mutaxassis.

Nurmat Otabekov vaksinatsiya jarayonini majburiy qilish masalasida ham fikr bildirdi.

«Respublika bo‘yicha emlashning to‘liq kursini olgan fuqarolar soni 700 minga yaqinlashdi. Emlashning turli bosqichlarini olganlar soni 4 mln 200 mingdan ko‘proq. Bu raqam kam. Qachonki aholining 60-70% ni emlamas ekanmiz, vaziyatni barqaror ushlash imkonsiz. Vaksinani majburiy qilish to‘g‘ri fikr. Balki, Rossiyada qo‘llanilayotgan amaliyot – ya’ni emlanmagan odamlarni ishga qo‘ymaslik amaliyotini balki tatbiq qilish kerak. Lekin hozircha O‘zbekistonda vaksinalar tekin va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi», – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan barcha turdagi ommaviy tadbirlar to‘xtatildi, joriy yilning 1-avgustidan boshlab to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan kishi bilan o‘tkazishga ruxsat berildi.

Avvalroq 18 yoshdan katta bo‘lgan Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyati aholisini, shuningdek, imkoniyatdan kelib chiqib, boshqa hududlardagi 18 yoshdan katta aholi qatlamini o‘zlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida ixtiyoriy ravishda emlash belgilangandi.

Manba: xabar.uz

Leave a comment