«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Endi boshqa yoshlar kabi teng huquqliman…”

Samarqand shahridagi lo‘li millatiga mansub aholining muammolari o‘rganilib, bartaraf etilmoqda.

Xususan, bunda tug‘ilganligi qayd qilinmagan fuqarolarning manfaatlari ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Tug‘ilganlik va o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomalarga ega shaxslarning ro‘yxatini shakllantirish hamda ushbu turdagi guvohnomalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirib berish borasida Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyat hokimligi boshchiligida olib borilgan o‘rganishlar davomida Samarqand shahar «Sharq» MFY hududidagi 10 nafar, «Fidoyilar» MFY hududidagi 100 nafar hamda «Sarbadorlar» MFY hududidagi 140 nafar lo‘li millatiga mansub fuqarolarning tug‘ilganlik guvohnomasi yo‘qligi aniqlangan. Ularning aksariyatini 10 yoshdan oshganlar tashkil qiladi. Ularga qulaylik yaratish maqsadida guvohnomalar Samarqand shahar 2-son FHDYO bo‘limi tomonidan qisqa muddatlarda rasmiylashtirilib, hujjatlar mahallabay asosida topshirilmoqda.

«3 nafar farzandning onasiman, — dedi farzandlariga guvohnoma olgan O‘g‘iloy Istamova. — Uchalasini ham uy sharoitida dunyoga keltirishimga to‘g‘ri kelgan. Shu va boshqa sabablar tufayli ularga vaqtida tug‘ilganlik guvohnomasini olishga qunt qilmadim. Hozir katta bolam 11 yosh, o‘rtanchasi 10 va kenjam 8 yoshda. Yaqinda mutasaddilar uylarimizga kelib muammolarimizni o‘rgangan edi. 3 kun ichida guvohnomalarni rasmiylashtirib berishdi. Albatta bizga yaratilayotgan bunday qulayliklardan minnatdormiz».

Dastlabki bosqichda «Fidoyilar» MFY fuqarolarining 29 nafariga, «Sarbadorlar» MFY fuqarolarining 71 nafariga hamda «Sharq» MFY fuqarolarining 5 nafariga tug‘ilganlik guvohnomalari rasmiylashtirilib, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi hamda viloyat Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi vakillari ishtirokida joyiga chiqqan holda tantanali ravishda topshirildi. Joriy yilning 15 iyuliga qadar belgilangan reja-jadval asosida guvohnomasi yo‘qligi aniqlangan barcha fuqarolarga ham hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib beriladi.

«14 yoshimda tug‘ilganligim to‘g‘risida guvohnoma oldim, — deydi Mehruza Tosheva. — Bu men uchun albatta quvonarli voqea bo‘ldi. Axir shu paytgacha men fuqaro sifatida hech qanday huquqlarga ega emasdim. Yaxshilarning yordami bilan bugun rasman shaxsim tasdiqlandi. Endi boshqa yoshlar kabi ko‘plab imkoniyatlardan foydalanishim mumkin».

Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

 

Mansur Hasanov, Davlat xizmatlari agentligi

Samarqand viloyat boshqarmasi

axborot xizmati rahbari

Manba: o’za.uz

Leave a comment