«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bu hazillashadigan dard emas!

Shu kunlarda “Tez yordam” mashinasining qatnovi yanada ko‘payib qoldi. Uning sirenasi quloqqa chalindi, deguncha ko‘ngilda nedir g‘ashlik paydo bo‘la boshlaydi.

Koronavirus avj olmoqda. Lekin negadir buni ko‘pchilik nazar pisand etgisi kelmaydi. G‘alati holat. Odamlarning bepisand, bamaylixotirligi avj olgani sayin bu kasallik ham tobora avj olmoqda. Aholida ushbu xavfli va o‘ta makkor kasallikka chalinish holatlari ortayotir. Afsuski, bunga hozirgi kunda barcha guvoh bo‘lmoqda.

Qo‘shnimiz Namuna opa yoshi saksonga yaqinlashib qolgan. Bir yarim yildirki, kamnamo bo‘lib qolgan. Ancha avval, bahor yo kuzmidi, aniq eslolmayman, ko‘chada uchratdim. Nihoyatda g‘amgin, horg‘in, yuragini qandaydir og‘ir dard tosh kabi bosib turgandek edi. Uzoqroqdan turib gaplashgan bo‘ldik. Qo‘shni ayolning arziholini tinglab angladimki, uning bir emas, bir varakayiga besh jiyani koronavirusdan vafot etibdi… Hatto qanday hamdardlik bildirishniyam bilolmay qoldim.

— O‘zlariga haddan ortiq ishonib yuborishgandi rahmatlilar, — dedi Namuna opa ko‘ziga yosh olib. – Sog‘lommiz, bizga hech narsa qilmaydi, deb uncha-buncha tartib-qoidani nazarlari ilmasdi. Odamlar chorlangan to‘y-tadbirlar, mehmondorchiliklar uyushtirishdan sira tiyilmas edi. Mana endi to‘plagan molu davlati ham, qo‘sh qavatli uylariyu dala hovlilari ham savil qoldi… O‘g‘lim — Nodir akang hech qaysi qarindoshimning ma’rakasiga yubormadi. Bir narsani boshlamay, deb o‘zim ham ta’ziyalariga bormadim.

Opaga qanday tasalli bildirishga ham hayron bo‘lib xayrlashdik… Hozir kun isigandan isib bormoqda. Ko‘cha-ko‘ydagi odamlarga qarayman, kimdadir niqob bor, niqob taqqan ayrimlar ham uni jag‘iga tushirib olgan, ko‘pchilikda umuman niqob yo‘q. Go‘yoki karantin ham, koronavirus ham, pandemiya ham yo‘qdek xotirjam, bamaylixotir, bexavotir yurgan odamlarga qarab yana hayratim ming chandon oshadi.

Niqob taqmaslikni kimdir kasallikni boshdan o‘tkazib bo‘lgani, birov immuniteti g‘oyat kuchliligi, boshqa birov esa nafas olishga qiynalayotgani, ayrimlar o‘ziga haddan ortiq ishonishi bilan izohlagan bo‘ladi. Afsus, niqob taqqan yoki masofa saqlagan odamning ustidan kulganlarni ham uchratdim. “O‘zicha masofa saqlayapti, virus xatarli-da…” qabilida kesatiq va kinoya bilan gapirganlarni ham ko‘rdik. Niqob taqib atrofdagilarga devonalarcha ko‘ringan holatni ham, shu sababli yumshoq aytganda, o‘ta g‘alati muomala-munosabatga ham guvoh bo‘ldik.

Virusning qanday o‘zgaruvchan, moslashuvchan, mutatsiyaga tez uchrovchi, borgan sari xatarli bo‘layotgani dunyoda kechayotgan voqealardan ham endi yangilik bo‘lmay qoldi. Vaholanki, niqob taqib, zarur qoidalarga qat’iy amal qilayotgan Xitoydek aholisi juda ko‘p bo‘lgan davlatda koronavirus bilan og‘riganlarning umumiy ko‘rsatkichi nisbatan kamaymoqda. Nazarimda, ular bunday ko‘rsatkichga qat’iy intizom, belgilangan tartib va qoidalarga og‘ishmay va qat’iy amal etish orqali erishganiga shubha yo‘q!

Suvlari sharqiragan ko‘ngilochar maskanga azbaroyi qiziqish bilan kirib, bir fursat atrofni kuzatgan bo‘ldim. Ofitsiant-xizmatchi yoshlardan boshqa hech kimda niqob yo‘q. Masofa saqlash haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ish kuni bo‘lishiga qaramay ziyofat, bazm qiziganidan qizigan. Odam g‘oyat tirband. Katta-kichik, jajji bolakaylar ham shu yerda. Kimdir tug‘ilgan kunini nishonlamoqda. Birovlar tandirdek qizigan “dom”lardan qochib, oilasi bilan salqin maskanda shunchaki mazza qilib hordiq chiqarmoqda. Kimlardir qaysidir chigal ishni to‘kin dasturxon atrofida hal etish bilan mashg‘ul. Jaziramada odamlar salqin joylarda hordiq chiqarishga oshiqishini yaxshi bilaman. Qolaversa, xususiy sektorda — umumiy ovqatlanish shaxobchalari ham “kun ko‘rishi”, xodimlariga oylik to‘lashi, daromad topishi muhimligini ham yaxshi anglayman. Barini to‘g‘ri tushunaman. Niqob taqib ovqatlanish mumkin emasligini ham bilaman. Lekin odamzot azbaroyi o‘z hayoti xavfsizligi uchun qandaydir choralarni ham ko‘rmog‘i kerak-ku!… Na masofa, na niqob, na gigiyena qoidalariga amal qilinmayapti.

Akam bozorda tanishimi, kursdoshini uchratib qolganidan so‘zlaydi. Hol-ahvol so‘rashilgach, o‘sha tanishmi, devday erkak yig‘lab yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, otasi koronavirusdan o‘tib qolibdi… Pahlavonkelbat, “menga hech narsa qilmaydi” qabilida ish ko‘rgan otaxon niqob taqmay, qarindosh-urug‘ning xonadoniga, bozorga, ko‘cha-ko‘yga, to‘y-hasham, tadbirlarga chiqib ketavergan ekanlar…

Yurtimizdagi yetakchi media agentliklardan birida ishlaydigan hamkasb opani bir anjumanda uchratib qoldim. O‘zini ancha oldirib qo‘ygandi.

— Shu kasallik bilan ketib qolamanmi, deb o‘ylovdim, — dedi hamkasb opa. – Mart oyida kasallikka chalingan bo‘lsam, may oyida ham o‘zimga kelolmadim. Yaratganning rahmi keldi shekilli, shifokorlarning ko‘magi bilan omon qoldim. Hozir ko‘plar bu virusli xastalikka yengil qarayapti. Lekin hazillashadigan, maynavozchiligu masxarabozlikka yo‘yadigan dard emasligini o‘zim boshimdan o‘tkazib bildim…

Ha, koronavirus balosi insoniyat boshiga ko‘p kulfatlar keltirmoqda. Lekin undan ehtiyot bo‘lish, belgilangan talab va qoidalarga og‘ishmay rioya etish barchaning burchidir!

 Nazokat Usmonova, O‘zA

Leave a comment