«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Zamonaviy mass-medianing dolzarb muammolari

O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda «Zamonaviy mass-medianing dolzarb muammolari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Tadbirni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja ochib berdi. Shuningdek, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, «Yangi O‘zbekiston», «Pravda Vostoka» gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi multimedia markazi rahbari Bobur Alixonov so‘zga chiqib, mavzu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

Fuqarolik jurnalistikasi rivojlanganidan so‘ng, tabiiyki, axborot olish va yetkazishda raqobat keskin kuchaydi. Anjumanda mana shunday zamonaviy mass-media sharoitida ommaviy axborot vositalarining u yoki bu turi o‘z faoliyatida e’tibor qilishi kerak bo‘lgan jihatlar, bosma nashrlar, teleradiokanallar yoki internet saytlari duch kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish choralari, axborot «iste’molchilari» uchun muhim va qiziq kontent yaratishning sinalgan samarali usullari borasidagi masalalar muhokama qilindi.

Konferensiyaning birinchi qismi yakunida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadbirning ikkinchi, ya’ni ilmiy qismi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida tashkil etilgan yoshlar press klubida davom etdi. Unda O‘zJOKU professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari so‘zga chiqdilar.

Konferensiyaga zamonaviy media sanoatining rivojlanish tendensiyalari, mass-media zamonaviy shakl va ko‘rinishlari, OAV konvergensiyalashuvi sharoitida janrlar integratsiyasi, axborot makonidagi yangi trendlar, axborot uzatish usullari va mediadizaynning nostandart formatlari singari yigirmaga yaqin yo‘nalishda maqolalar qabul qilingan bo‘lib, topshirilgan ilmiy maqola va tezislar to‘plam shaklida nashr etiladi.

Bahs-munozara va fikr almashish maydoniga aylangan konferensiyada soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda amaliyotchi jurnalistlar bilan birgalikda OAV vakillari ham ishtirok etdilar.

Manba: o’za.uz

Leave a comment