«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Surxondaryoda bayram shukuhi

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Surxondaryo viloyati kengashida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi vakillari va mahalliy jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Surxondaryo viloyati kengashi raisi A.Ahmedov so‘nggi yillarda mamlakatimiz kasaba uyushmalari tashkilotlarida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar aholi hayot darajasini o‘zgartirishda yaxshi samaralar berayotganini ta’kidladi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etildiki, o‘tgan besh yilda Federatsiya mablag‘i hisobidan viloyatda ehtiyojmand oilalar uchun 65 ta ixcham, zamonaviy bepul uy qurib berildi. Yordamga muhtoj oilalarning 500 ga yaqin xonadoni tubdan ta’mirlandi. 3 ming 10 oilaga bepul gaz plitasi va maishiy gaz ballonlari topshirildi. Vohada odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun 32,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

– Yaqin yillarda ham aholining dam olib, salomatligini tiklashi uchun birorta zamonaviy sanatoriy yo‘q edi, – dedi A.Ahmedov. – To‘rt yil muqaddam Termiz tumanida «Termiz marvaridi» sanatoriysi foydalanishga topshirilib, bir yilda 8 ming kishini sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi. Uch qavatli sihatgohga kelgan kishi bir yo‘la Chortoq va Chimyonda mavjud shifobaxsh suvlardan bahra oladi. Tibbiy qum bilan davolash ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yillarda so‘lim joydagi bu maskanga Rossiya, Qozog‘iston kabi ko‘plab chet davlatlardan mehmonlar kelib, salomatligini tikladi. Termiz shahrida bunyod etilgan «Amudaryo» bolalar xalqaro oromgohi ham yoshlarning eng sevimli go‘shasiga aylanib qoldi. Oltinsoy tumanida 85 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilgan besh qavatli «Xo‘jaipok» sanatoriysida yaratilgan sharoitlar ham aholining munosib dam olib, salomatligini tiklashiga xizmat qilmoqda. Bu yerga tog‘ bag‘ridan 26 kilometr masofaga quvur yotqizilib, oltingugurtli suv keltirilgan.

Ayni paytda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, Denov tumanidagi osmono‘par tog‘ qo‘ynida joylashgan Navro‘zdara massivida 7 qavatli sanatoriy barpo etilmoqda. Oltinsoy tumanidagi so‘lim Xo‘jaipok darasida 200 o‘rinli sanatoriy qurish mo‘ljallanayotir.

Anjumanda, shuningdek, «Ayollar daftari» ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash, bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham fikr almashildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Bayramona ruhda o‘tgan tadbir yakunida bir guruh soha xodimlariga esdalik sovg‘alar topshirildi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Leave a comment