«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Tashkilot rahbari muxbir qizni «yotoqqa» taklif qilgani aytilmoqda

Qashqadaryo viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i A.Yo. 14 iyun kuni o‘zi ishlaydigan tashkilotga matbuot kotibi sifatida ishga olish uchun fuqaro A.G.ni «yotoqqa» taklif qilgani aytilmoqda. Bu haqda «Nasafnews» xabar bermoqda.

«Bu taklifni menga avval ham bildirgan edi. Keyin esa hazillashdim, deb qo‘ydi. Bir necha kun o‘tgach esa yana shu mavzuda gap ochdi. Men esa endi boshliqning bu gapini tobora jiddiy qabul qila boshladim. Ishdan ko‘nglim sovib, tashkilotga borgim kelmay qoldi», — deydi A.G.

Ma’lum bo‘lishicha, 5 oydan beri rasman ishga olinmagan matbuot kotibi A.G.ga boshqarma boshlig‘i A.Yo. Shahrisabzda tashkil qilingan «Yoshlar festivali» da tashkil qilingan fitobar loyihasini yoritish taklifi bilan chiqqan va Qarshi shahridan o‘z mashinasida olib ketishini aytgan.

Mashinaga mingan muxbir hali ham nega rasman ishga olinmaganing sababini rahbardan so‘ragan. Rahbar esa «Men bilan bir kecha qolasizmi?» deya taklif qilgan. Muxbir nima uchun qolishi sababi bilan qiziqqan. Rahbar «erkaklar bilan bir kecha qolgan vaqtda nima qilishni bilamaysizmi?» deb gapirgan. Shundan so‘ng, muxbir mashinadan tushirib qoldirishlarini so‘ragan.

«Oxirgi marta yana shu haqda ochiqchasiga haydovchisining oldida tap tortmay, uyalmay gap ochganida, taklifi jiddiy ekanligini tushundim va bu yerda boshqa ishlamaslikka qaror qildim. Ochig‘i, menga qilingan bu munosabatdan so‘ng, hamma yosh, o‘qib, ishlab, karera qilaman degan qizlarga nisbatan rahbarlar shunaqa munosabatda bo‘lar ekan, deb kechgacha yig‘lab o‘zimga kela olmadim. Shok holatidaman. Nahotki, men shunaqa qiz bo‘lsam. Yurish-turishim, o‘zimni tutishimda biror kamchilik bo‘lsa, atrofimdagilar aytishgan bo‘lardi. Unaqa tarbiya olmaganim uchun bu holat ruhiyatimga shunaqa ta’sir qildiki, haligacha o‘zimga kela olmayapman», — deydi qiz.

Oradan bir necha kun o‘tib, matbuot kotibi sifatida ishga olinishi aytilgan qiz O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibiga voqea haqida xabar bergan. Voqeadan Qashqadaryo viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi mas’ul xodimi ham xabar topib, muxbirni tinchlantirishga uringan. Boshqarma mas’ul xodimi muxbirga avvaliga telefon qilgan, keyinchalik SMS xabar yozib, boshqarma boshlig‘ining ukasi «katta joyda ishlashini» va tinch yurmasa o‘ziga qiyin bo‘lishini aytgan.

Nashr muxbiri holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibi bilan bog‘langan. Matbuot kotibi holatni rad etmagan.

«Ha, xabarim bor. Eshitgan kunimoq buni tegishli tartibda rahbariyatga bildirganman. Hozir shu ish bo‘yicha surishtirishayapti. Yaxshi ish bo‘lmabdi. A.Yo.ning o‘zi bilan gaplashganimda «Hazillashdim, shunchaki hazillashdim», — deb javob berdi. Qizni singlimdek ko‘raman. Bo‘lib o‘tgan ishdan afsusdaman. «Komandirovka»ga ketib qolgan edim. Endi masalani to‘liqroq o‘rganaman», — degan u.

Tahririyatning bildirishicha, o‘sha «oshiq rahbar» audio yozuvining qolgan qismi va boshqarma xodimining maslahatmonand «tahdidi» ham bor.

Manba: xabar.uz

Leave a comment