«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda 10 ming qadam yurgan fuqarolarga pul to‘laydigan platforma test rejimida ishga tushirildi

Aholi o‘rtasida piyoda yurish va yugurishni ommalashtirish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi ishga tushirildi, deb xabar beradi Spot.

Ma’lum qilinishicha, “1hls.uz” sayti orqali kerakli mobil dasturni iOS va Android’lar uchun yuklab olish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun ONE ID akkaunti talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tib bo‘lgach, foydalanuvchi o‘zi haqidagi ma’lumotlarni (bo‘yi, og‘irligi, yashash joyi) to‘ldirishi va dasturga yurilgan qadamlarni kuzatish imkoniyatini taqdim etishi kerak.

Foto: Spot

Mobil dasturning Android versiyasi hozirga qadar 10 ming martadan ortiq yuklab olingan. Dastur reytingi hozircha besh yulduzdan ikkita to‘plagan — foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tishning imkoni bo‘lmayotganidan shikoyat qilmoqda, Google esa shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berishga urinishlarni bloklayapti.

App Store’da ham mobil dasturning reytingi hozircha ikkita yulduz — foydalanuvchilar pul to‘lanmayotganini ta’kidlamoqda.

Dasturning bosh sahifasida u test rejimida ishlayotgani va pullar o‘tkazilmayotgani to‘g‘risida tez-tez xabarnoma paydo bo‘lmoqda. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda hozirga qadar pul o‘tkazilgan insonlarning postlarini ham uchratish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktabrida “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilingan. Unga ko‘ra:

  • O‘zbekiston hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan;
  • har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 million so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi.

Manba: daryo.uz

Leave a comment